Markaziy Osiyo Yoshlar Forumi – mintaqamiz yoshlarini birlashtiruvchi hudud

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 26-30-iyun kunlari O‘zbekistonda ilk marotaba Markaziy Osiyo Yoshlar Forumi o‘tkaziladi.

Qardosh xalqlar yoshlarini birlashtiruvchi mazkur forumdan maqsad, Markaziy Osiyo mamlakatlari yoshlari bilan hamkorlikda ijtimoiy ahamiyatli loyihalar va dasturlarni amalga oshirishdir.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi delegatsiya a’zolari, jumladan, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Qozog‘istonning “Jas otan” yoshlar qanoti va “Nur otan” partiyasi, Qirg‘izistonning Davlat yoshlari, jismoniy tarbiya va sport sohasi agentligi, Tojikistonning Respublika Hukumati Yoshlar va sport qo‘mitasi hamda Turkmanistonning sport va yoshlar siyosati vazirligi va Maxtumquli nomidagi Turkmaniston yoshlar tashkiloti kengashi vakillari nafaqat o‘z tajribalarini bo‘lishishadi, balki yurtimizda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarga ham guvoh bo‘lishadi.

Forum doirasida yoshlar hayotiga bag‘ishlangan ko‘plab mavzularda anjumanlar tashkil etiladi. Jumladan, Fan va ta’limni rivojlantirishda yoshlarning o‘rni”, “Markaziy Osiyo mintaqasidagi madaniy hamkorlik”, “Yoshlar turizmi Markaziy Osiyo taraqqiyotining asosiy omili hisoblanadi”, “Terrorizmga olib keluvchi tajovuzkor ekstremizm va radikalizmning oldini olish hamda ularga qarshi kurashishda yoshlarning roli” kabi mavzularda Markaziy Osiyoning faol yoshlari davra suhbatlari o‘tkazishadi.

Bundan tashqari, tadbirga tashrif buyurgan qardosh xalqlar yoshlari uchun maxsus Yoshlar simfonik orkestrining Madaniyat markazlari delegatsiyasi vakillari bilan birgalikdagi chiroqli musiqiy “3D mapping” namoyish etiladi.

Markaziy Osiyo yoshlar forumi yakunida mamlakatlar o‘rtasida “Qo‘shma hamkorlik 2019-2021” memorandumini imzolash rejalashtirilmoqda. Yoshlar forumi, mintaqamiz yoshlari uchun muloqot maydoniga va mamalakatlararo munosabatlarni rivojlantirish uchun platformaga aylanishi kutilmoqda.