Begonalik iztirobi

Olti yoshida Ismoil volidasidan judo bo‘lib, o‘gay onaning qo‘lida qoldi. Shundan keyin boshiga ne savdolar tushmadi. Buni hatto tasavvur qilish qiyin. Bolaning keyingi qismati qanday kechdi ekan? Ushbu savolga turk adibi Ahmad Lutfi Qozonchining “O‘gay ona” romanini o‘qib chiqqach, to‘kis javob olasiz.

O‘gay ona Sanihaxonim Ismoilga mehr ko‘rsatmadi, yosh bolani judayam og‘ir yumushlarni bajarishga majbur qildi. Otasi esa, bunga sira e’tibor qaratmasdi. Uyda uning hech kimga keragi yo‘q edi, go‘yo. Faqat qo‘shni qiz Fotima Ismoilga hamisha dalda berib keldi.
Onasini sog‘ingan bolakay nuqul qayergadir ketib qoladigan odat chiqardi. Bir kuni otasi orqasidan kuzatib bordi. Ismoil qabriston tomon shoshardi. Onasi­ning xoki poyiga keldi. Dunyoda shu bir uyum tuproqdagidek taftni hech kimdan, hatto o‘z otasidan topolmagan bola qabr yonidan bo‘yiga mos chuqur qazib qo‘ygandi. Ichiga yotib, yuziga bo‘z parchasini yopib oldi. Birdan nimanidir payqaganday sapchib turdi. Qarshisida otasini ko‘rdi. Uning savol ma’nosidagi nigohiga javoban, past ovozda: “Onam­ning quchog‘ida yotibman. Endi bu yer mening uyim”, — deya oldi, xolos.
Muallif mehrsizlikning oqibatini ana shunday ta’sirchan voqealar orqali mohirona tasvirlashga harakat qilgan. Fotimadek irodasi baquvvat qiz haqida asar davomida ko‘p so‘zlanadi. “U bu yil o‘n to‘qqizga qadam qo‘ydi… Bo‘yi yetgan qizlar kabi atrofdan so‘rala boshlandi… Bir kuni uni ikki bolali beva erkakka so‘rab kelishdi”. Ota-onasi va yaqinlarining qarshiligiga qaramay, qiz bunday qismatga rozi bo‘ladi. Ikki norasidaga o‘z onasidek qarayman, degan ezgu niyatni diliga tugadi. Ha, Fotima Sanihaxonim kabi beshafqat ona bo‘lishni xohlamadi. Yetim bolalarning boshini silab, o‘z farzandidek tarbiyalashga qaror qildi.
Ahmad Lutfi Qozonchi “O‘gay ona” romani orqali insoniyatni mehr-oqibatli bo‘lishga chorlagan. Asarni albatta mutolaa qilasiz, degan umiddamiz.

Hasan USMONOV