Ezgulikka chorlov

G‘avvos ummonga qancha chuqur sho‘ng‘isa, shuncha ko‘p va sof durlar topadi. Milliy adabiyotimiz ham ummonga o‘xshaydi. Uni o‘qib-o‘rganganingiz sari bebaho inju gavharlarga duch kelaveradi. XVIII asr oxiri va XIX asr boshida yashab ijod etgan zullinisonayn shoir Abdushukur Shukuriy tuzgan “Devon” o‘zbek adabiyoti xazinasidan munosib o‘rin egallashga loyiq asardir.

Devonning bizgacha ikkita nusxasi yetib kelgan. Biri Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, ikkinchisi Sankt-Peterburgdagi Sharq qo‘lyozmalari institutida saqlanmoqda. Aytish kerak, jonkuyar pedagog, olima Sobira Jo‘raeva tomonidan Shukuriyning “Devon”i ilk bor chuqur tadqiq etilib, nashrga tayyorlandi hamda adabiyot ixlosmandlariga havola etildi.
Shukuriy ijodida insonparvarlik, halollik, kamtarinlik fazilatlari ulug‘lanadi. Shoir Fuzuliy, Bedil, Navoiy kabi so‘z zargarlarini o‘ziga ustoz deb bilgan. Ularning adabiy merosidan ilhomlangan. Xususan, Alisher Navoiyga bog‘lagan payravida shunday yozadi:
Pok jisming jurm ila nopok bo‘lsa, tavba qil,
Tavba bir kone durur, murdorni qilg‘ay halol,
Ya’ni, “agar biron gunoh sabab jismingni, qalbingni nopok qilib qo‘ysang, tavba qil. Zero, tavba murdor — harom bo‘lganni halol qiladigan qondir”. Shoir inson xatolarini doimo tan olib, kechirim so‘rashi lozimligini uqtirmoqchi. Mana bu baytda esa, ezgulikka chorlov bor:
Yaxshiliq ila bo‘lsang der ahli zamon “yaxshi”,
El yaxshi desa dermish Xalloqi jahon “yaxshi”.
Shoir aytmoqchiki, agar doim ezgu ishlar bilan mashg‘ul bo‘lsang, ahli zamon seni yaxshi deydi. Bilginki, el shunday baho bergan insonni butun borliqning Egasi ham suyadi.
Shukuriy o‘z “Devon”ida Navoiy, Bobur va Fuzuliy kabi mumtoz shoirlar ijodidagi ma’nolarni jamlab, yangicha talqin etgani alohida e’tiborga molik jihatdir. Klassik adabiyotimizning azaliy mavzusi bo‘lgan Haqqa yetish va Unga bo‘lgan muhabbatni tarannum etadi. Salaflar ijodini o‘z zamondoshlariga sodda va xalqchil tilda yetkazib berishga urinadi. Uning “Ko‘ngul g‘unchadek tah batah qon erur, Chu bulbul ishim ohu afg‘on erur” (Abdishukur Shukuriy. Devon. 164-bet. “Navro‘z” nashryoti. 2018 yil) baytini o‘qib, Boburning: “Mening ko‘nglumki, gul g‘unchasidek tah batah qondur” misrasi yodingizga tushishi turgan gap.
Yana shunday baytni ham o‘qiysiz:
Necha achchig‘ ayladim andin vafo shahdin tilab,
Voykim, ul ashkdin topti jafo nahli kamol.
Shukuriy qo‘llagan tashbehlar o‘quvchini hayratlantiradi. Lirik qahramon yoridan vafo tilab, ko‘z yosh to‘kadi. Ammo yor ko‘ngli yumshash o‘rniga jafo niholi baravj unadi.
“Devon”dagi har bir misrani o‘qish va uqish lozim. Shundagina Abdushukur Shukuriyning ichki olamini teran anglash, ul zotning adab maktabida saboq olishingiz mumkin.