Psixolog maslahati

— O‘g‘lim 20 yoshda. Qizlar ichida o‘sgan. Nihoyatda uyatchan. O‘zidan biron tashabbus chiqmaydi. Do‘stlar, qarindoshlar davrasida ham qisinib-qimtinib o‘tiradi. Bu turishda ertaga qanday qilib oila boshi bo‘ladi, bilmayman. Maslahat bering.

Sanobar AHATOVA
Buxoro shahri

Savolga amaliyotchi psixolog Luqmon KAZAKOV javob beradi:
— O‘g‘lingiz uyatchan bo‘lishiga yuz foiz oiladagi muhitni sabab qilib ko‘rsatish mumkin. U qizlar ichida o‘sdi, deyapsiz. Odatda bunday vaziyatda o‘g‘il bolalarda erkak kishiga xos mardlik, qat’iyat, bir so‘zlilik, mustaqil fikrlash va qaror chiqarish, og‘ir yukni yelkasiga olish kabi sifatlar juda sust shakllanadi. Bola ulg‘aya boshlagach esa, buning salbiy asoratlari namoyon bo‘la boshlaydi.
Aytishim kerakki, insonni bolaligida kimdir, aytaylik, past bo‘yi, do‘mboqligi, jismonan zaifligi yoki boshqa tashqi belgilari sabab kalaka qilganda ham psixologik biqiqlik yuzaga keladi.
Mustaqil urinaman desangiz, yigirma yoshda uyatchanlikni bartaraf etish biroz mushkulroq. Malakali psixologning ko‘magi kerak, albatta. Lekin o‘zingiz ham qo‘l qovushtirib o‘tirmaganingiz ma’qul. O‘g‘lingiz jismoniy kuch, g‘ayrat va kurashuvchanlik kayfiyatini talab qiluvchi biron sport turi bilan shug‘ullanib ko‘rsin. Irodasi mustahkamlanib, ichki dunyosi ochiladi, odamlar bilan yengilroq muloqotga kirishadigan bo‘ladi.
Ikkinchi variant, uni muloqot qilishni yoqtiruvchi odamlar davrasiga qo‘shishdan iborat. Lekin o‘sha odamlar o‘g‘lingizdagi muayyan ustunlikni ko‘ra olsin va e’tirof etsin. Zotan, har bir inson qaysidir jihati bilan kuchli hisoblanadi. Kimdadir tahlil qilish qobiliyati rivojlangan, birov esa, ko‘p gapirmaganiga yarasha zo‘r mulohaza yurita oladi va hokazo.