Psixolog maslahati

— Hademay test sinovidan o‘taman. Men uchun — birinchisi. Juda hayajondaman. Ozgina qo‘rquv ham bor. Abituriyentlarga bu borada maslahat bersangiz.

Shahnoza ZUFAROVA
Toshkent shahri

Savolga amaliyotchi psixolog Luqmon KAZAKOV javob beradi:

— Har qaysi kishi, xarakter va temperamentidan qat’i nazar, imtihonga kirishdan avval kichik stressni boshidan o‘tkazadi. Bu odatiy hol. Sababi, istaysizmi-yo‘qmi, bizni katta sinov kutayotgani, mas’uliyat ham shunga yarasha ekanini anglab turamiz. O‘z-o‘zidan hayajon, ba’zan yengil qo‘rquv paydo bo‘ladi. Imtihon kuni yaqinlashgan sayin ular kuchayadi. Lekin bilimi puxta, o‘ziga ishongan odam har ikkisini oson yengishi aniq.
Shu o‘rinda ota-onalarga ham maslahatim bor: farzandingizga hadeb nasihat beraverish, test jarayonida nimalar bo‘lishi mumkinli­gini turli ssenariylar asosida oldindan bashorat qilish kerak emas. Ayniqsa, mayda detallar, aytaylik, o‘g‘il yo qizingiz qayerda va kim bilan o‘tirishi mumkinligiga o‘xshagan holatlarga mutlaqo e’tibor bermagan ma’qul. Bularning barchasi bolaning shusiz ham toliqqan miyasiga ortiqcha yuk bo‘ladi. Diqqatini bir joyga jamlashiga xalaqit beradi.
Yana bir gap: quvvat bo‘ladi, miyang yaxshi ishlaydi, degan har xil vaj-bahonalar bilan imtihon kuni farzandingizga u odatda iste’mol qilmaydigan mahsulotlarni bermagan ma’qul. Boisi organizm ularga qanday reaksiya ko‘rsatishini bilmaysiz. Kutilmaganda bolaning ko‘ngli behuzur bo‘lib qolishi mumkin. Yaxshisi u har doimgi nonushta bilan uydan chiqib ketgani ma’qul.
Endi bevosita imtihonning o‘ziga to‘xtalsam. Auditoriyaga kirib, test daftarchasini olishi bilan barcha abituriyentlarda miya tormozlanishi kuzatiladi. Mazkur holat 5-20 minutgacha davom etishi mumkin. Aytaylik, xoleriklar tezda o‘ziga kelib olib, testni yechishga kirishadi. Melanxolik va sangviniklarga esa, biroz ko‘p vaqt kerak. Nima bo‘lganda ham, shoshilmang (aks holda, xatolarga yo‘l qo‘yishingiz aniq). Mayli, boshqalar testni yechishga kirishgan bo‘lsa ham, bu sizni sira xavotirga solmasin. Atrofga yaxshilab razm soling, chuqur-chuqur nafas olib, o‘zingizga kelib oling. Keyin ishni boshlasangiz bo‘ladi.
Omad yor bo‘lsin!