1savolga 1 javob

— Maktabga o‘quvchini qabul qilish tartibi qanday?

Feruza KOMILOVA Romitan tumani

Savolga huquqshunos Bahrom ILHOMJONOV javob beradi:

— Maktab yoshidagi bolalarni umumiy o‘rta ta’limga qamrab olish tuman (shahar) hokimliklarining qarori bilan umumta’lim maktablariga biriktirilgan hudud (mikrohudud) doirasida tegishli muassasa pedagog xodimlari tomonidan bolalarni uyma-uy ro‘yxatga olish orqali amalga oshiriladi.

Umumta’lim maktablarining 1-sinfiga 6-7 yoshli bolalar tibbiy xulosaga muvofiq qabul qilinadi.

Tegishli yilning
31 avgustiga qadar 6,5 yoshga to‘lmagan, 1-sinfda o‘qish istagini bildirgan bolalarning ota-onalari bilan umumta’lim muassasasining pedagog xodimlari va psixologi tomonidan bolani maktabda o‘qishga jismonan va ruhan tayyorlash bo‘yicha tushuntirish ishlari olib boriladi.

Farzandini 1-sinfga berish uchun ota-ona quyidagi hujjatlarni topshirishi kerak:

maktab direktori nomiga ariza;

ota-onalarning fuqarolik pasporti nusxasi;

bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi;

bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy ma’lumotnoma;

bolaning
3,5×4,5 sm hajmdagi 4 dona rangli fotosurati.

Bolalar umumta’lim muassasasining 1-sinfiga tayyorgarlik darajasidan qat’i nazar, tanlovsiz qabul qilinadi.

 (Yosh huquqshunoslar kengashi bilan hamkorlikda tayyorlandi).