Jafokash xalq nolasi

Bobom uzoq yillar adabiyot o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan, badiiy asarlar o‘qishni yaxshi ko‘radi. Menga ham ko‘plarini ilinadi. Bu gal: “Buyuk Tagorni o‘qi, mana, atayin sen uchun sotib oldim”, — dedi. Sevinib ketdim. Shunday qilib, “Nur va soyalar” hikoyasini mutolaa qila boshladim.

Asarda o‘qimishli, kamtarin va o‘zgalar uchun jon koyitadigan advokat — Shoshibushon, bilim olishga ishtiyoqi bo‘lsa-da, ammo qiz bola o‘qishi shart emas, deb hisoblaydigan oilada ulg‘aygan soddadil Giribala, uning mudom zamon yo‘rig‘i bilan ish tutadigan otasi — Xorkumar kabi personajlar bilan tanishasiz.
Hikoyada tasvirlanishicha, xalq o‘z haq-huquqini bilmaydi, zodagonlar zulm qilsa-da qulog‘i kar, ko‘zi ko‘r bo‘lib yuraveradi. Ammo adolatparvar Shoshibushon bunday nohaqliklarga chidab turolmaydi. Ojizlarni jabru sitamdan qutqarish uchun bir necha bor sudga ham murojaat qiladi. Ammo odamlar­ning qo‘rqoqligi sabab tayoq faqat uning boshida sinadi.
Alal-oqibat, yigit tuhmat va zo‘ravonlikda ayblanib, besh yilga qamaladi. Otasi uni ozodlikka chiqarishga harakat qilsa ham, o‘g‘il rozi bo‘lmaydi. Otasiga qarata shunday deydi: “Turmaga borishim ham yaxshi. Temir zanjirlar yolg‘on so‘zlamaydi, turma devoridan tashqaridagi “ozodlik” esa, meni aldab, musibatga giriftor qildi. Agar odamlar haqida so‘z borarkan, shuni aytish kerakki, turma tor bo‘lganidan u yerda yolg‘onchilar, qalloblar, himmatsiz va nomard kishilar ozodlikdagiga nisbatan ancha oz”.
Asarning yana bir qahramoni – Giribala akalariga o‘xshab maktabga borishni juda xohlaydi. Ammo iloji yo‘q. Chunki u yashayotgan qishloqda ayollarga past nazar bilan qaralib, ular faqat mehnat qilishga mahkum qilingan. Shunga qaramay, Shoshibushon Giribalaga ilm o‘rgatadi, har kuni kitob o‘qib beradi. Qiz ba’zan mavzudan chetga chiqib, xayolot dunyosiga g‘arq bo‘ladi. Shoshibushon esa, uning gapini bo‘lmasdan, fikrlarini diqqat bilan eshitadi.
Hikoyani o‘qish asnosida, bir tomondan avom xalqqa achinsangiz, boshqa tomondan, ranjiysiz. Chunki u o‘z hayotini yaxshilashga intilmaydi. Keyingi avlodlar farovon yashasin, degan o‘y bilan aqalli bir qadam oldinga siljigisi yo‘q. Axir, farzand­lari ma’nan yetuk, jismonan sog‘lom bo‘lgan yurt taraqqiy etishi aniq-ku. Nazarimda, “Nur va soyalar”da aynan shu g‘oya ilgari surilgan. Asarni, albatta, o‘qib chiqing.

Mardona ZOKIROVA