Psixolog maslahati

— Ukam (17 yoshda) ishi yurishmayotgani tufayli qo‘shni mahalladagi folbinga uchragandi. O‘shandan beri tinchi yo‘qolgan. Folbinning aytishicha, Asadulla ismi unga kulfat keltirayotgan emish. Birov shu ismni aytib chaqirsa xuddi egasini la’natlayotgandek bo‘larkan. Endi ukam ismimni o‘zgartiraman deb oyoq tirab olgan. Hech kimning gapini quloqqa ilmayapdi. Nima qilishga hayronmiz. Iltimos, maslahat bering.

Shohrux IBODULLAEV
Bog‘ot tumani

Savolga amaliyotchi psixolog Luqmon KAZAKOV javob beradi:

— Ochig‘ini aytaman, ukangiz o‘ta ishonuvchan inson. Bu, bir jihatdan, infantilizm belgisi ham hisoblanadi. Ya’ni, shaxs yoshiga nomunosib xatti-harakatlar bajaradi, bolalarcha mulohaza yuritadi, qilayotgan ishlarini tahlil qilib ko‘rmaydi. Axir, yigit kishining folbinga murojaat qilishi, tag‘in, aytganlariga laqqa tushishi o‘z-o‘zidan g‘ayritabiiy hol. Mazkur vaziyat inson ichki muammolariga o‘ralashib qolgani, psixologik yordamga muhtojligidan dalolat beradi.
Ukangiz begonaning hech asossiz “maslahat”i bilan ismini o‘zgartirishga tayyormi, demak, bundan keyin ham boshqa xildagi ta’sirlarga berilaveradi. Umuman olganda, irodasiz odamni xohlagan ko‘yga solish, hatto halokatga boshlash mumkin. Birovning izmiga ergashish, bo‘ysinuvchanlik psixologik og‘ish sanalib, ilmiy tilda konformizm, deb yuritiladi. Bundan juda ehtiyot bo‘lish kerak. Aks holda, jiddiy dardga yo‘liqish hech gap emas.
Ayni damda Asadullani yoningizga o‘tqazib ismining ma’nosini obdon tushuntiring. Bunday ism hali hech kimga kulfat olib kelmaganini asoslab bering. Atrofdan misollar keltiring. Foyda bermasa, albatta, psixologga murojaat qilish zarur.