Psixolog maslahati

— Qizim ikkinchi marta o‘qishga kirolmadi. Hozir juda tushkun kayfiyatda. Xavotirdaman. Unga qanday yordam bersak bo‘ladi?

Gulruh MURODOVA
Ishtixon tumani

Savolga psixolog Zebiniso AHMEDOVA javob beradi:

— Avvalo, unga dalda bering. Bugun bo‘lmasa ertaga, albatta, muvaffaqiyatga erishishini uqtiring. Balki o‘qishga kirolmagani uchun o‘zini aybdor his etib, sizdan uyalayotgandir. Agar shuni payqasangiz, nima bo‘lganda ham uni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekaningizni ko‘rsating.
Muhimi, u o‘qishga kirolmagani uchun qayg‘uga tushganingizni his etmasin. Bu ruhiy holatiga yanada salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Yaxshilab tayyorgarlik ko‘rishi uchun yana bir yil borligi, mehnati zoye ketmasligini yotig‘i bilan tushuntiring.
Agar shunda ham ijobiy natija bermasa, qizingizdan kelgusi rejalari haqida so‘rang. Ko‘pchilik o‘smirlar ishlashni ma’qul topadi. Chunki inson biror ish bilan andarmon bo‘lsa, tushkun kayfiyatidan tezroq chiqib ketadi.
Bordi-yu, farzandingiz o‘qishga tayyorgarlikni davom ettirishni xohlasa, birdaniga kitobga muk tushishiga yo‘l qo‘ymang. Biroz muddat miyani dam oldirish kerak. Oilaviy sayohatga chiqish mumkin. Toza havo, tabiat qo‘ynida barcha qayg‘ular bir pasda ariydi.