Psixolog maslahati

— Farzandim besh yoshda. Mehmonga yoki boshqa biron joyga borsak, ko‘ziga yaxshi ko‘ringan narsani qo‘liga ilib, olib keladi. Sababini so‘rasam, yoqib qolganini aytadi. Lekin bu yaxshi emas. O‘g‘limning kelajagidan xavotirdaman. Maslahat bering, nima qilsam bo‘ladi?

Anora XO‘JAYEVA
Navbahor tumani

Savolga psixolog Feruza TOLIPOVA javob beradi:

— Albatta, siz aytayotgan holatni normal va ijobiy deb bo‘lmaydi. Bolaning xulq-atvori, qaysidir xatti-harakati ozgina e’tibordan chetda qolsa, kelgusida katta muammolar kelib chiqishi mumkin.
Oilada ota-ona farzandi uchun sog‘lom psixologik muhitni yaratib berishi kerak. Bola besh yoshda hamma gapni tushunadigan bo‘ladi. Shunday ekan, unga birovning narsasini egasidan so‘ramay olish yaxshi emasligini, bu o‘g‘irlik sanalishini tushuntiring. Bordi-yu, o‘ziga nisbatan shunday harakat qilinsa, qanday munosabat bildirishini so‘rang.
Har kuni o‘g‘lingizga “Egrivoy va To‘g‘rivoy”, “Zumrad va Qimmat” kabi tarbiyaviy ahamiyatga ega xalq ertaklarini o‘qib berishni ham tavsiya qilaman.