Psixolog maslahati

— To‘rt va olti yashar farzandim bor. Ikkalasi ham mendan ko‘ra qaynonamni yaxshi ko‘radi. Xuddi mendan yuz o‘girib, buvisiga yon bosayotgandek. Bundan biroz xavotirdaman. Nima qilsam bo‘ladi?

Yulduz NABIYEVA Olot tumani

Savolga psixolog Feruza TOLIPOVA javob beradi:

— O‘zbek oilalarida farzand tarbiyasida nafaqat ota-ona, balki bobo-buvilar ham ishtirok etadi. O‘zimizga xosligimiz ham shunda. ­Demak, bolalaringiz buvisiga mehr qo‘yganidan faqat quvonish kerak.
Bordi-yu, o‘sha mehr sizga haddan ziyod ko‘pdek tuyulayotgan bo‘lsa, xatti-harakatingizni taftish qilib ko‘ring. Ehtimol, bolangizga yetarlicha vaqt ajratmayotgandirsiz. Yoki hadeb tanbeh berib, holi joniga qo‘ymassiz. Xullas, muammo o‘zingizda.
Shunda ham xavotirga o‘rin yo‘q, deb hisoblayman. Sababi bobo-buvilar bilan yashaydigan bolalar tengdoshlariga qaraganda dunyoqarashi keng, mulohazali, o‘ziga ishonchi mustahkam, odob-axloqli bo‘lib voyaga yetadi.