So‘nmagan umid

Uyga kelsam amakim buvimga kuyunib gapiryapti. Biroz kuzatgim, oxiri nima bilan yakun topishini bilgim keldi. Amakim:

— Oyi, ko‘rmaysizmi, keliningiz Xudo bergan kuni kasal. Hali u yog‘im, hali bu yog‘im og‘riydi, deydi. Topgan pulim dori-darmonga ketyapti. Biron ish buyurib ham bo‘lmaydi. Gulday bolalarim bo‘lmaganida allaqachon ajrashar edim.
Shunda buvim kinoyali kulib dedi: “Eh o‘g‘lim, nega buncha betoqatsan-a, kelin bechorani ham tushungin-da. Qizing tug‘ilganidan keyin ancha holdan toydi. Bolani parvarishlash osonmi. Xotiningni xasta dema! Eshitsa qalbi o‘ksiydi. Bir paytlar Abdulla Qahhorning “Ming bir jon” hikoyasini shunday qiziqish, hayajon bilan o‘qigan edimki, haliyam yodimda qolgan. Asarda Masturaning o‘n yil betob bo‘lib yotgani, unga eri Akramjon g‘amxo‘rlik bilan qaragani bayon etiladi. Vaqt topib, sen ham shu hikoyani o‘qib chiq. Zora, aqling kirib qolsa…”.
Bu gapdan so‘ng taniqli adibimiz Abdulla Qahhor ijodiga o‘zim ham qiziqib qoldim. Kutubxonadan buvim aytgan hikoyani topib o‘qidim. Asar mohiyatiga mehr-muhabbat, sadoqat, sabr-bardosh tuyg‘ulari singdirilgan. Hikoya qahramoni Mastura turmush qurganiga bir yil o‘tar-o‘tmas qattiq xastalanib qoladi. Ayol to‘shakda behol yotar ekan, yorug‘ kunlar kelishini intizor kutib yashaydi. Shunga ishonadi. O‘lim yuziga tik boqib, u bilan kurashadi.
Alloh suygan bandasiga turli tashvishlar yuboradi, deganlaricha bor ekan. Hikoya qahramoni ham shunday sinovlarga duch keladi. Ammo u metindek irodasi bilan barcha qiyinchiliklarga chidadi. Masturaning oyoqqa turishida turmush o‘rtog‘i Akramjon ham behisob hissa qo‘shdi. Sevgi va sadoqati bilan ayoliga madadkor bo‘la oldi. Qiyin damda suyadi, yordam berdi. Bu jihatdan Akramjonni bugungi erkaklarga namuna qilib ko‘rsatsak arziydi.
Asarni mutolaa qilar ekansiz, Mastura tilidan bayon etilgan tobut voqeasiga befarq bo‘lmaysiz. Tobut so‘zini eshitgan zahotiyoq et junjikadi. Endi faraz qiling, o‘lim bilan olishayotgan inson bu paytda qanday ahvolga tushar ekan? Ha, bu haqda o‘ylashning o‘zi qo‘rqinchli. Ammo Mastura juda kurashuvchan inson. Umri oxirlab borayotganiga sira ishongisi kelmaydi. Shu tufayli operatsiyaga ham rozi bo‘ladi. Obrazli qilib aytganda, uni dushman tomonga shaxdam qadam tashlab borayotgan yarador jangchiga qiyoslash mumkin.
“Ming bir jon” yozilganiga yarim asr o‘tgan bo‘lsa ham, haligacha ahamiyatini yo‘qotmagan. Ushbu hikoyani o‘qigan har bir kitobxonning hayotga bo‘lgan qarashi o‘zgarishi aniq. Demak, fursatni boy bermang, tengdoshim!

Ma’mura XO‘JAQULOVA