Birinchi bo‘lishning savobi

Ikki aka-uka arazlashib qolibdi. Biroz vaqt o‘tgach akasi: “Ukam kelib mendan kechirim so‘rar”, deb kutibdi. Ukasi uzr so‘rashga kelavermabdi. Bunga sabri chidamagan akasi ukasining oldiga kelibdi. Ukasi ham uni sog‘inib yurgan ekan, akasini ko‘rishi bilan quchoq­lashib ko‘rishibdi va ko‘ngli bo‘shab, yig‘lab yuboribdi. Shunda akasi:
— Sen mendan kichiksan-ku, nimaga birinchi bo‘lib oldimga borib kechirim so‘ramading? — debdi. Ukasi bo‘lsa unga:
— Aziz akajonim! Payg‘ambarimiz(s.a.v)ning­ hadislarida kim birinchi bo‘lib kechirim so‘rasa, o‘shanga mo‘l savob yog‘iladi deyilgan. O‘sha savobni o‘zimga qilmay, siz olishingizni kutib yurgan edim, — debdi.

Abdulla RUSTAMOV