Psixolog maslahati

— Qizim 15 yoshda bo‘lishiga qaramay, pardoz-andozga o‘ch. Buning ustiga kalta kiyimlar, poshnali tufli olib bering, deb holi jonimga qo‘ymaydi. Bunday narsalarga hali ulgurasan, desam ham o‘z bilganidan qolmayapti. Nima qilsam ekan?

Robiya TURG‘UNOVA
Toshkent shahri

Savolga ruhshunos Nigora ISROILOVA javob beradi:

— Farzandingiz o‘tish davrida. Bu paytda bola o‘zining ulg’ayganini­ atrofdagilarga isbotlagisi keladi. Shuning uchun bu vaziyatda keskin choralar ko‘rib bo‘lmaydi. Qizingiz bilan iloji boricha do‘stona muloqot qilishga harakat qiling. Ortiqcha pardoz-andozning salbiy jihatlarini tushuntiring. Kosmetik vositalarning aksariyati yuz terisiga jiddiy zarar yetkazishi, poshnali tuflini vaqtidan ilgari kiyish qad-qomatni buzishi va kelajakda xunuk oqibatlarga olib kelishi haqida ayting. Agar foyda bermasa, pardoz vositalarining o‘rniga har xil gigiyenik vositalarga qiziqtirib, go‘zallik avvalo tozalikdan boshlanishini amaliy harakatlar bilan tushunitiring.