Bir hayotga arzimas boylik

Bolaligimdan Shukur Xolmirzayevning asarlarini sevib mutolaa qilaman. Shu bois yaqinda adibning o‘ndan ortiq hikoyasi jamlangan to‘plamini xarid qildim. Barcha asarlar orasidan “Kimsasiz hovli” hikoyasi meni o‘ziga ko‘proq jalb etdi.

Mutolaaga kirishmasdanoq “Nega adib hikoyani shunday nomladi ekan?” degan savol xayolim tegrasida aylana boshladi.
Inson boshqa jonzodlardan ongi bilan farqlanib turadi. Biroq aql-idrok doimo ham yaxshilikka xizmat qilmasligi mumkin. Negaligini maqola so‘ngida tushunib olasiz.
Xalqimizda “Bolali uy bozor, bolasiz uy mozor”, degan maqol bor. Haqiqatan ham shunday. “Kimsasiz hovli”ni o‘qib bunga yana bir karra amin bo‘ldim. Musichadek beozor bo‘lib ko‘ringan asar qahramonlari — Umar aka va Hosila opa aslida juda makkor, pixini yorgan odamlar.
Er-xotin ikkovi puxta reja asosida xaridorlarni aldab boylik orttiradi. Ularning dardi faqat pul. Yakkayu yolg‘iz farzandi Ummatjon harbiy xizmatga ketganidan so‘ng, iti Jek chuqur qayg‘uga botib, jon beradi. O‘g‘limiz bir falokatga yo‘liqmasin, deb ota-onasi xuddi shunday it olib keladi. Hammasi xamirdan qil sug‘urgandek edi. Ammo Ummatjon uyga qaytganida it egasini tanimay, uning o‘limiga sabab bo‘lgan.
Umar aka va Hosila opaning makkorligi o‘z jigarbandining-da umriga zomin bo‘lgani nihoyatda achinarli. Har bir ota-ona bolasiga nima ke­rakligini yaxshi anglashi lozim. Asar qahramonlari Ummatjonga bo‘lgan voqeani yotig‘i bilan tushuntirganida edi, fojianing oldi olingan bo‘lardi. Endi ularning hovlisi kimsasiz, fayzsiz uyga aylanib qolgandi.
Xullas, o‘sha xonadon sohiblari­ga hayot sira tatimadi. Qilmish — qidirmish, deganlari shu bo‘lsa kerak.
Asarni o‘qir ekansiz, o‘zingiz uchun yangi-yangi xulosalar chiqaraverasiz. Muallifning topilmalari, o‘rinli saboql­ari kitobxonni jiddiy mushohadaga chorlaydi.

Ma’mura XO‘JAQULOVA