Ensiklopedik ma`lumot

Sarrof — shahar ko‘chalari va rastalarida odamlarning yirik pullarini maydalab, qimmatbaho buyumlarini pulga almashtirib berib, foyda ko‘ruv­chi shaxs. Sarroflar xorijdan kelgan savdogarlarning pullarini mahalliy pullarga almashtirib berish, qimmatbaho toshlar, oltin, kumush va boshqalarni aniqlash, ularning bahosini belgilash, ayrim kishilarning omonat pullari va buyumlarini ma’lum muddatgacha saqlash kabi ishlar bilan shug‘ullanib, bank, omonat kassalari, garovxonalar vazifasini bajargan.
Sarroflar sudxo‘rlik bilan ham shug‘ullangan. Xizmati uchun ma’lum miqdorda haq olgan. Ilgari har bir shaharda sarroflarning alohida mahallasi va ish joyi — Toqi Sarrofon mavjud edi. Hozirgi davrda Sharq mamlakatlarida sarrof bank egasi hisoblanadi.