Farzand tarbiyasi — muqaddas

“Falonchining bolasi o‘g‘rilik qilibdi” yoki “birov bilan janjallashib, burnini qonatibdi”, “falonchining qizi maktabni tugatmay, turmushga chiqibdi”, qabilidagi noxush xabarlarni eshitganda bunda ko‘proq biz, kattalar aybdor ekanimiz haqida o‘ylanib qolaman.

Farzand noqobil bo‘lib boryaptimi, demak, uning tarbiyasiga e’tiborni kuchaytirish, ko‘proq mehr ko‘rsatish, qalbiga quloq solish, qat’iy taqiq va cheklovlar emas, balki yotig‘i bilan tushuntirish asnosida uni illatlardan asramoq zarur. Zotan, ertamiz egalarining istiqboliga bafarq qarashga haqqimiz yo‘q.
Yuzimizni yorug‘ qiladigan ham, shuvut etadigan ham mana shu yoshlardir. Buni unutgan jamiyat tubsiz muammolar girdobiga g‘arq bo‘lib boraveradi. Farzand tarbiyasi bilan vaqtida shug‘ullanmagan ota-onaga mahalla-ko‘ydagi ko‘pni ko‘rganlar tanbeh bersa, “ular aytaveradi”, deb emas, balki “to‘g‘ri aytibdi, xatolaringni tuzatishga harakat qil”, deya bolaning xulq-atvorini o‘nglash ayni muddao. Shundagina farzand oila uchun ham, el-yurt uchun ham kerakli inson bo‘lib kamolga yetadi.
Ota-onaning bergan tarbiyasini tarbiyachi, tarbiyachinikini o‘qituvchi, o‘qituvchinikini esa, jamiyat vakillari faqat ijobiy sifatlar bilan to‘ldirib bori­shi lozim. Shundagina yoshlarimiz
aql-zakovatli, yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlay oladigan, dunyoqarashi keng va ichki olami go‘zal bo‘ladi.
Va ulardan, shaksiz, Vatan ravnaqi, xalq farovonligi yo‘lida sidqidildan mehnat qilishga tayyor, fidoyi insonlar yetishib chiqadi.

Bahrom ASROROV,
Oqdaryo maishiy xizmat kasb-hunar kolleji direktori