Kitob bilan do‘stlash, bolajon!

Bugun men jiyanimni kitob do‘koniga olib bordim. Havo soviganidan buyon, uyda diqqanafas bo‘lib o‘tiradi, bechora. Undan ko‘ra, kitoblar olami bilan tanishgani yaxshi-da.
U zumrasha hali uch yoshni ham to‘ldirmagan. Ammo aqli hamma narsaga yetadi. Ayni rivojlanadigan, olamni taniydigan payti. Uydagi ertak kitoblarni ochib, suratlariga qarab voqealarni hikoya qilib beradi. O‘zimcha fikr qildim: demak, unda kitobga mehr uyg‘onmoqda. Bu go‘zal hisni yanada kuchatirish kerak!
Hali oila qurib, farzand ko‘rmagan bo‘lsam-da, ammo bir narsaga ishonchim komil — bola biz, kattalar ko‘rsatgan yo‘ldan yuradi, biz yaratgan muhitda o‘sadi va tarbiyalanadi. Shunday ekan, ertamiz egalarining ongi hamda qalbini ma’naviyat nuriga to‘yintiraylik. Ularni ma’nolar xazinasi — kitoblar bilan oshno etaylik. Illo, kelajagimiz yorug‘ bo‘lgay!

Aziza SHARIPOVA