Qayta-qayta o‘qishga loyiq

Mahallamizda ko‘pchilik havas qiladigan bir qiz bo‘lardi. Shunday hurliqo ediki, oshiqlarini sanab adog‘iga yetolmasdik. Kollejni tamomlagach, u o‘zi ko‘ngil qo‘ygan yigitga turmushga chiqdi. Bir yildan keyin farzand ko‘rishdi. Yaqin-yaqingacha ularni baxtiyor oila, deb yurardik. Qizning onasi buvimga kelib hasrat qilmagunicha bironta ham gapdan xabarimiz yo‘q edi.

Farida tanlab-tanlab tozisiga uchragan ekan. Kelinlik uyida o‘tirsa o‘poq, tursa so‘poqmish. Oiladagi kelishmovchilik va kam-ko‘stdan bezib, ajrashamanga tushib qolibdi. Buvim qo‘shniga yetishmovchilik har bir oilada bo‘lib turishi, sabr-qanoat qilib yashagan ayol kam bo‘lmasligi, u nafaqat o‘zi, balki norasida go‘dagini ham o‘ylashi kerakligini tushuntirdi. Nazarimda, buvimning gaplari havoga uchdi. Chunki oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas, Farida ota uyi­ga qaytib kelganini eshitdik.
Ochig‘i, o‘sha voqeadan keyin sevgi-muhabbatga ishonmay qo‘ydim. Shunday kunlarning birida qo‘limga “Said va Saida. Muhabbat va sadoqat maktublari” to‘plami tushdi-yu, fikrim butkul o‘zgardi.
Kitob qahramonlari O‘zbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad hamda uning rafiqasi, shoira Saida Zunnunova. Sobiq tuzum davrida minglab begunoh yurtdoshlarimiz qatori Said Ahmad ham qatag‘onga uchray­di. Sinovli yillar silsilasida ikki ijodkor­ning bir-biriga bo‘lgan sadoqati yuqoridagi to‘plamga kiritilgan o‘zaro yozishmalarida yaqqol o‘z ifodasini topgan.
Adib Qozog‘istondagi qamoqxonadan yozgan maktubida shuncha savdolarni boshiga solgani uchun rafiqasi oldida aybdor ekanini bot-bot takrorlaydi. O‘sha paytlarda Saida Zunnunova “xalq dushmanining xotini” sifatida ta’qib qilingani, juda og‘ir sharoitda kun kechirganiga qaramay, ha­yotidan nolimay, maktublari orqali jufti halolining ko‘nglini ko‘tarishga, turmushdagi ikir-chikir gaplar bilan uni biroz chalg‘itib, umid bag‘ishlashga harakat qilgan.
Kitobdan o‘rin olgan nomalarni o‘qib, chin muhabbat va sadoqatning ikki ulug‘ timsoli bugun ko‘plarga ibrat ko‘rsata oli­shiga amin bo‘ldik. Har qanday vaziyatda bir-biriga suyanib, yelka tutib yashagan bo­boyu buvilarimizdan o‘rnak olsak, arzimas sabablar bilan barbod bo‘layotgan oilalar soni kamayarmidi, deya o‘ylab qoldim.
“Said va Saida. Muhabbat va sadoqat maktublari” har bir xonadonning kitob javonidan munosib joy egallashga, qayta-qayta o‘qib, uqilishga loyiq asardir. Tengdoshlarimiz uchun u o‘ziga xos hayot maktabi, darsxona vazifasini o‘taydi, degan umiddamiz.

Maftuna VALIYEVA