Qiz bolaning tarbiyasi nozik

Qumri xola qo‘shni ayollarga dardini dasturxon qildi: “Ukamning kelini ketib qoldi, qurib ketsin, ja tili uzun chiqdi-da… Opamning kelini esa, biram noshukrki, oxiri, jiyanim yaxshilab kaltaklagandi, u ham otasinikiga jo‘navordi. Voy, qo‘shnijonlar, hozir yaxshi qiz qolmagan. O‘g‘illarimga qanday qilib kelin tanlayman, deya xavotirdaman…”.

Yana bir holat. Avtobusda ikki ayol kelinlarini g‘iybat qilib ketyapti. Birovning gapini tinglash odobdan emasku-ya, biroq ovozi balandligidan ularning suhbatini beixtiyor tinglashga majbur edim. Anglashimcha, biri qarindoshini kelin qilgan-u, lekin, oxir-oqibat, qudalar o‘rtasiga sovuqchilik tushib qolgan, bordi-keldi ham uzilgan. Gap orasida o‘sha ayol kenja o‘g‘illariga yaxshi qiz qidirib, joni halak ekanini ham qistirib qo‘ydi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: yaxshi qiz topolmay boshi qotgan qaynonalar o‘z qizlarini munosib tarbiyalay olayaptimikan?! Xulosa o‘zingizdan.

***
Bir paytlar ko‘chaga chopqillab chiqqan qizalog‘ini yoniga cha­qirib: “Bolajonim, yo‘ldan o‘tayotgan erkak kishining yo‘lini to‘sish odobdan emas”, — deguvchi, har kecha ibratli ertagu hikoyalar so‘ylab berguvchi buvijonlari­miz bugun qo‘shni ayollar davrasida o‘tgan-ketganni g‘iybat qilish bilan
ovora bo‘lib, nabiralari tarbiyasi haqida unutib qo‘ymadimikan?
Mahallaning qaysi qizi yoki kelini haqida salbiy fikr eshitsa, yoqasini ushlab qo‘yadigan yoki qulog‘ini astagina tortib qo‘yib: “Astag‘furulloh, yaxshiyam mening qizim bunaqa emas”, — deydigan, biroq o‘z jigarbandi kunda-kunora erining uyi­dan qochib kelayotgan onalarimiz gap-gashtaklardan ortmay, farzandining kelajagiga loqayd bo‘lmayaptimikan?
Bugun mahallasi, qishlog‘i, qo‘yingki, butun mamlakatini dunyoga tanitayotgan o‘zbek qizlari oz emas. Afsuski, birovning nojo‘ya va nojoiz gap-so‘zlari tufayli ularning shuncha mehnati bir pulga
chiqmoqda.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi jinoyatchilik­ning ortayotgani, erta turmush, erta tug‘ruq, ajrim holatlari jamiyat uchun jiddiy muammo. Ular taraqqiyotimizga raxna solishi aniq.
Jag‘i-jag‘iga tegmaydigan, na kichikni na kattani, kezi kelganda, ota-onasini ham bir tiyinga olmaydigan qizlarimizni ko‘rib dahshatga tushasan, kishi. Biroq aybni, avvalo, o‘zimizdan izlaganimiz ma’qul. Endi turmush tashvishlarini bir zumga unu­tib mulohaza qilib ko‘raylik: orzumizdagi o‘sha sochi supurgi, qo‘li kasov, har gapida “labbay”, deb tura­digan kelinlarni birov emas, o‘zimiz tarbiyalashimiz kerak, shunday emasmi? Nima dedingiz, qaynonajon?!

Dilnoza ABDUHAMIDOVA