Taqdiri azalning boqiy portreti

Ba’zan orzularimizdan osongina voz kechamiz. “Peshonada bori shu”, –– deya aybni taqdirga yuklab qo‘yamiz. Ammo taqdirning o‘zi nima?

Paulo Koeloning mashhur “Alkimyogar” asarini o‘qish jarayonida shu savolga javob izlaysan, kishi. Muallif taqdirga quyidagicha ta’rif beradi: “Bu — hayotimizning oliy mohiyati — ro‘yi zaminda umrguzaronligimiz uchun Tangri tayyorlab qo‘ygan Yo‘l. Biroq eng muqaddas orzular istiqboli uchun ana shu Yo‘ldan borishga jur’at topish hammaga ham nasib qilavermaydi”.
Darhaqiqat, inson o‘z taqdirini ro‘yobga chiqarish uchun dunyoga keladi. “Alkimyogar”da yozilishicha, yoshlik chog‘ida odamlar orzu qi­lishdan qo‘rqmaydi, istaklarini ro‘yobga chiqa­rishga intiladi. Ammo vaqt kelib allaqanday sirli bir kuch ularni taqdir izmidan borish imkonsiz ekaniga ishontira boshlaydi. Nega?
Gap shundaki, go‘daklikda bizga katta maq­sadlarga erishish juda qiyin, deya uqtiriladi. Natijada ko‘rquv hissi paydo bo‘lib, istaklari­miz qalb tubiga ko‘milib boradi. Lekin kun kelib qal­bimizda muhabbat uyg‘onishi ham mumkin. U bizni olg‘a intilishga chorlaydi. Shunday qudratli kuch bor ekan, hayot to‘siqlarini yengish hech gap emas. Lekin hamma ham buning uddasidan chiqavermaydi. Kurashishni istamay, “Och qornim tinch qulog‘im”, deya taslim bo‘lguv­chilar ham bor. Orzu-umidlarimiz ro‘yobga chiqmasligining boisi ham shu.
Cho‘pon yigit Santyago “o‘z taqdirim” tu­shunchasini anglash uchun ko‘p sarguzashtlarni boshidan kechirdi. Unga qo‘shilib o‘quvchi ham hayotining mazmunini qidiradi. Biroq turli sabablar bilan to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘iydi. “Biz ichki ovozimizni eshitishni bilmaymiz. Agar uni eshita olganimizda edi, barcha muammolari­miz o‘z yechimini topgan bo‘lardi. Chunki ichki ovozimiz bizga eng to‘g‘risini aytadi”, — degan edi mashhur ruhshunos Randi Noyes. Chunonchi, qalb hech qachon adashmaydi va adashtirmaydi. Bu aniq.
Yer yuzidagi har inson anglashi zarur bo‘lgan oliy haqiqat bor: biron nimani astoydil istasang, unga, albatta, erishasan. Zotan, bu istak olam­ning ruhida dunyoga kelgan bo‘ladi. Aslida barchamiz shuning uchun yaratilganmiz. “Al­kimyogar” romani syujetini qizil ip yanglig‘ kesib o‘tgan ushbu fikr faqat kimgadir emas, balki biz va bizdan keyingi avlodlarga birday taalluqli. Asar dunyoning 120 mamlakatida sevib mutolaa qilinishining boisi shudir, ehtimol. Undan siz ham bahramand bo‘ling, tengdoshim.