1 savolga 1 javob

— Tanishim 3-kursdan o‘qishini Urganch davlat universitetiga ko‘chirdi. U avval ta’lim olgan Nukus davlat pedagogika institutidan yozgi semestrni “4” bahoga yopgan. Biroq o‘quv yili avvalida unga sentabr oyi uchun stipendiya to‘lanmasligi aytildi. Shu holat qonuniymi, bilmoqchi edim?

Qayrat SAMIYEV
Nukus shahri

Savolga huquqshunos Asror ERGASHEV javob beradi:

— Bu masalada Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 17-avgustdagi “Oliy o‘quv yurtlari talabalariga stipendiyalar to‘lash tartibi va miqdorlari to‘g‘risida”, shuningdek, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim hamda Moliya vazirliklarining 2004-yil 10-martdagi qarorlari bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim muassasalari talabalariga stipendiyalar ta­yinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga murojaat etish kerak. Yo‘riqnomaning 14-bandiga muvofiq, belgilangan tartibda bir oliy ta’lim muassasasidan boshqasiga o‘tkazilgan talabaga stipendiya u reyting nazorati natijalari bo‘yicha o‘quv rejalaridagi tafovutlarni bartaraf etgandan keyin tayinlanadi.
Bundan chiqdi tanishingiz yangi oliygohning o‘quv dasturi hamda rejalariga muvofiq tafovut fanlarini topshirgach, stipendiya olishi mumkin. Stipendiya tayinlashda avvalgi oliy ta’lim muassasasidagi reyting nazorati natijalari ham inobatga olinadi.

(Yosh huquqshunoslar kengashi bilan hamkorlikda tayyorlandi).