Arava yetaklagan ayol

Ayolga baxt bering, saodat bering,
Demang, yuribdi-ku kulib, jilmayib.
Ayol kulib turib o‘lishi mumkin,
Dunyoni olishi mumkin jilmayib.

                              Zulfiya MO‘MINOVA

Kuzning yana bir namxush, etni junjiktiruv­chi tongi otdi. Ayol erinibgina ko‘zini ochdi. Yonida uxlayotgan bolalariga biroz tikilib, ularni uyg‘otib yubormaslik uchun ohista o‘rnidan jildi. Tashqari g‘ira-shira. To‘rtinchi qavat derazasidan pastga tikildi. O‘qtin-o‘qtin o‘tayotgan mashinalar ovozi hamda farrosh ayollar­ning ko‘cha supurishigina eshitilardi.
Ayol tor va qorong‘i yo‘lakdan paypaslanib yurdi. Nogoh oyog‘i allanimaga urildi. Ko‘zi qorong‘ilikka ko‘nikkach, qaradi — aroq shishasi. Yotoqxonadan erining hurragi eshitildi.
Yana ichib kelibdi, shekilli. Ayol eshikni asta qiyalatib ochdi. Ichkilik isi “o‘tirib qolgan” xona to‘rida davangirday erkak shiftga tikilgancha orom olmoqda.
Ayol afsus bilan bosh chayqadi-da, eshikni yopdi. Yuzini yuvdi. Oshxonaga kirib, bu­xanka nondan bir bo‘lak kesdi. Sovib qolgan choydan ho‘plab, tamaddi qilgan bo‘ldi. So‘ng qalin kiyi­nib, ko‘chaga chiqishga taraddudlandi. Ayolning sharpasidan uyg‘ongan katta farzandi — o‘n besh yashar qizi onasining qar­shisiga keldi.
— Nega erta turib olding? — dedi ayol quni­shib turgan qiziga.
Qizi indamadi. Onasi: “Yuzingni yuvmasdan birovga gapirma”, deb o‘rgatgan.
— Ukalaring uyg‘onsa, choy damlab ber. Dadang turib, meni so‘rasa, bozorda degin. Biron qattiq gap aytsa, indama. Ukalaringga yaxshi qara. Ovqatni amallarsan, kechqurun mayda-chuyda olib kelaman.
Qiz bosh irg‘adi. Ayol tashqariga yo‘naldi. Zinalardan pastga tusharkan, uyini unutib, bozorda bugun ne savdolarga yo‘liqishini o‘ylardi.
Atrofda hayot uyg‘ondi. U esa, necha yillardan beri borar manzili tomon oshiqardi. Ana, “Chorsu” bozori. Har kech bozorga kirishdagi qorovulxonada qoldiradigan karton qutilardagi zil-zambil mevalar ortilgan aravasini shoshilmay yetakladi. Eshik oldida sigaret tutatib turgan nazoratchiga pul berarkan, chuqur nafas oldi-da, odamlar oqimiga qo‘shilib ketdi…