Inson manfaatlari har narsadan ustun

Yurtboshimiz Chilonzor tumanida poytaxt faollari bilan bo‘lgan uchrashuvda Toshkent shahrida namunali mahallalarni ko‘paytirish, odamlarga yaxshi yashashi uchun sharoitlar yaratish, bu borada mavjud muammolarni tezroq bartaraf etish, eng asosiysi, xalqni bugungi kunidan rozi qilish yuzasidan topshiriq va ko‘rsatmalar bergan edi.

Xalq deputatlari Sergeli tumani kengashi deputati Xirojiddin Ibragimov nomiga “Xalqobod” mahallasiga qarashli 31-32-33-uylar fuqarolari nomidan Vyan Svetlana Alekseevna murojaat qilgan. U xalq vakilidan mahallada mini-bank yo‘qligi, odamlar, ayniqsa, qariyalar kommunal va boshqa to‘lovlarni to‘lashda qiyinchiliklarga duch kelayotgani, shuning uchun mahalladan bank filialini ochishda amaliy yordam so‘ragan.
Deputat ushbu murojaat yuzasidan “Ipoteka” ATB bankiga murojaat qildi. Bank rahbariyati deputat­ning mazkur so‘rovnomasini qo‘llab-quvvatladi, yaqinda “Xalqobod” mahallasida “Imkoniyat” mini-banki ochildi.
— Nuroniylar nomidan deputatga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman, — deydi Vyan Svetlana mahalla guzarida deputat bilan bo‘lgan yuzma-yuz uchrashuvda. — Murojaatimiz qog‘ozda qolib ketmaganidan xursandmiz.
Shuningdek, “Sarikul” ko‘chasida istiqomat qilayotgan Malohat Rasulova ayni paytda farzandi qamoq jazosini o‘tayotganini aytib, yolg‘iz yashayotgani va uyini ta’mirlash uchun moddiy imkoniyati yo‘qligini mutasaddilarga ma’lum qildi. Deputat ko‘magi bilan fuqaroning uyida “Homiylik hashari” uyushtirildi. Hashar yo‘li bilan Malohat Rasulovaning uyi ta’mirdan chiqarildi.

Har maoshdan bir kitob

Xalq deputatlari Bektemir tumani kengashiga O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan saylangan deputat Feruza Jalilova tashabbusi bilan tumandagi “Binokor” temir-beton zavodida “Har maoshdan bir kitob” loyihasi doirasida kitoblar ko‘rgazmasi tashkil qilindi. Unda “Kitob durdonasi” davlat unitar korxonasi tomonidan taqdim qilingan ilmiy va badiiy kitoblar namoyish etildi.
— Tadbirning aynan ishchilar maosh olgan kunga mo‘ljallab o‘tkazilishi bejiz emas, — deydi F.Jalilova. — Masalan, Bektemir tumanida bironta kitob do‘koni yo‘q. Ko‘pchilik markazga borishga vaqtini qizg‘anadi yoki hafsala qilavermaydi. Demak, barcha muassasa va tashkilotlarda “Har maoshdan bir kitob” loyihasi doirasida muntazam kitob savdosini tashkil qilsak, nafaqat yoshlar, balki mutolaadan uzoqlashgan kattalar orasida ham kitobxonlik madaniyatini yanada oshirishga munosib hissa qo‘shgan bo‘lar edik.
Shuningdek, deputat “Xalqaro maktab kutubxonalari kuni” munosabati bilan tumandagi 292-umumta’lim maktabiga borib, ta’lim dargohi kutubxonasi­ning bugungi holati bilan tanishdi, o‘zining mualliflik asarlari hamda sara kitoblar to‘plamini maktab kitob fondiga sovg‘a qildi.

Barcha murojaatlarga yechim topiladi

O‘zMTDP Mirobod tumani kengashi vakillari “Uyma-uy” loyihasi doirasida hududdagi “Tong yulduzi” mahallasida odamlarning yashash sharoitlarini yaxshilash borasida qilinayotgan ishlar bilan tanishdi. “Hamal” ko‘chasida istiqomat qilayotgan IV guruh nogironi Baxtiyor Aliyev moddiy yetishmovchilik sabab davolanish uchun dori-darmon olishda, Ashirbibi Jabborova o‘g‘lini shifokor ko‘rigidan o‘tkazish va tegishli muolajalar uchun ko‘mak so‘rab murojaat qildi.
Partiya vakillari aholidan tushgan barcha murojaatlarni birma-bir ko‘rib chiqib, amaliy yechim topish choralarini ko‘rishga va’da berdi.

Sog‘lom turmush tarzi sari

Toshkent davlat sharqshunoslik instituti qoshidagi Olmazor akademik litseyida Xalq deputatlari Shay­xontohur tumani kengashiga O‘zMTDPdan saylangan deputat Dilshod Isomitdinov tashabbusi bilan litsey direktori kubogi uchun futbol musobaqasi o‘tkazildi.
Ko‘tarinki ruhda o‘tgan bellashuv g‘oliblariga deputatlar tomonidan tashkil etilgan musobaqa kubogi, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.