Ishonchsizga chiqib qolayotgan odamlar

Gohida o‘ylab qolaman: yo zamon o‘zgargan yoki odamlar boshqacha. Ko‘pchilikning turish-turmushi, muomala madaniyati, qo‘yingki, hatto fe’l-atvorida allanechuk sun’iylik paydo bo‘lgandek tuyuladi menga. Lekin xalq yomon yashayapti, deyolmaymiz. Aksincha, hayotimiz tobora farovonlashmoqda. Bugungi kunda yashashga joyi, yeyishga osh-noni yo‘q insonni kamdan-kam uchratasiz.

Bozorlarimiz ham to‘kin-sochin. Yilning istalgan faslida meva-cheva, sabzavot ekinlari topiladi. To‘g‘ri, narx-navo o‘zgaruvchan. Lekin, harqalay, ko‘nglimiz tusagan narsani olib yeyishga qurbimiz yetmoqda.
Yakshanba kuni erta uyg‘onib, choyimni ichdim-u, darhol bozorga otlandim. Oyim tu­zib bergan ro‘yxat bor, shunga yarasha pul olganman. Shukrki, oilamiz katta. Bozor-o‘charga chiqsam, ikki qo‘lim to‘lib kelaman.
Bozorga yetib keldim. Rastalar gavjum. Sotuvchi ham, sotiluvchi mol ham, xaridor ham bisyor. Xohlagan narsani saralab olaverasiz. Men ham kerakli mahsulotlarni birin-ketin xarid qila boshladim.
Ro‘yxatga qarab qo‘yaman. Navbat guruchga yetdi. Hammasini shoshilmay ko‘zdan kechirib, nihoyat, ma’qul kelganidan besh kilo tortib berishni so‘radim. Shu payt bir ayol yonimga kelib, meni so‘roqqa tutib ketdi:
— Guruch qancha ekan? Oqshoq aralashmaganmi? Ishonchlimi, ishqilib? Qancha olyapsan?
— Assalomu alaykum, xola. Sakkiz mingdan olyapman. Oqshoq aralashtirilgani qanaqa bo‘ladi? — dedim hayron bo‘lib.
— E, o‘g‘lim. O‘tgan kuni xo‘jayinim bir qop guruch olib kelgandi. Osh qilsam, o‘xshamaydi, qaynatsam, bo‘tqaga aylanadi. Shu­ning uchun so‘rayapman-da, — dedi u.
— Yuz foiz ishonchli, — gapga aralashdi sotuvchi yigit menga yelimxaltani uzatar ekan. — Agar yoqmasa, istalgan vaqtda qaytarib olib kelaverasiz. Bizda ham insof bor! Sifatsiz mol sotib, qarg‘ishga qolishni istamaymiz.
Men guruch haqini berib, yo‘limda davom etdim.
— Sut qanchadan? — dedim navbatdagi rastaga yaqinlashib.
— Qaysi birini so‘rayapsiz? — javob qaytardi sotuvchi opa.
— Hammasi bir xil emasmi?
— Yo‘q, ikki xil sut bor, bunisi sal qimmatroq.
— Ie, bu yog‘i qiziq bo‘ldi-ku! Nima, arzonining biron aybi bormi? — so‘radim hayron bo‘lib.
— Voy, ukam-ey. Sen qaysi zamonda yashayapsan?! Arzoniga suv qo‘shiladi, shuning uchun suyuqroq. Men olib sotarman. Qani endi, sigirim bo‘lsa-yu, sutning aslini taklif qilsam.
Uyga qaytar ekanman, ishonchsizga chiqib qolayotgan mahsulotlar haqidagi o‘ylar menga sira tinchlik bermasdi. Odamlar pulni deb nimalar qilmaydi-ya! Bu ketishda hayotimiz aldovdan iborat bo‘lib qolmasmikan? Siz nima deysiz, zamondosh?!

SHOHIDBEK