Klipmi, qiliqmi?

Xalqimiz azaldan san’atni ma’naviyatning ajralmas qismi, tarbiya vositasi sifatida qadrlab kelgan. Ayniqsa, musiqa san’atini. Chunki inson yoqimli kuy ohang­laridan ruhiy quvvat oladi.

Yurtimizda musiqa san’atini rivojlan­tirishga alohida e’tibor qaratilayotgani nihoyatda quvonarli. Shu maqsadda “Nihol” mukofoti ta’sis etilgan. Bundan tashqari “Yagonasan, muqaddas Vatan!”, “E’tirof” kabi ko‘rik-tanlovlar o‘tkazib kelinmoqda.
Ammo milliy estradamizning bugungi holati kishini xavotirga soladi. Yaratilayotgan qo‘shiqlar orasida badiiy jihatdan sayoz, mazmunan g‘alizlari talaygina. Xorijiy san’atkorlarga taqlid qilish, qo‘shiq va kliplarini “o‘g‘irlash” holatlari ham, afsuski, uchrab turibdi. Ba’zi kliplarda esa, hatto axloq mezonlariga zid lavhalar bor. Bu haqda ko‘pdan beri bong urilmoqda. Ammo samara oz.
Sayoz qo‘shiq, avvalo, sayoz she’rdan paydo bo‘ladi. Axir, qo‘shiqning asosi va keyingi muvaffaqiyati matn bilan bevosita bog‘liq. Afsuski, aksariyat yosh xonandalar bu masalaga bee’tibor. Vaholanki, ular aytayotgan qo‘shiq
la­r­­ning matnini kuydan ajratib olsak, ma’no-matrasiz jumlalarga duch kela­miz. Masalan, Jahongir Foziljonov ijro etgan “Shalola” taronasini olaylik:

Yana uchrashuvga kechikib kelding, kayfiyatim buzuq,
Anhorni bo‘yida sarg‘ayib kutdim, kelyapsan kulib, jonim.
Sevishimni o‘zimdan boshqa bilmas hech kim,
Sen ham sevasan meni, hech tan
olmaysanda qiynab, jonim
Shalola la-la-la, qolib ketdi-ku qo‘limda lolam,
Shalola la-la-la, yana lola la-la-la.

Endi bir o‘ylab ko‘raylik, buni she’r deyish mumkinmi? Katta qiyinchilik bilan. Bo‘lmasa nega ushbu qo‘shiqqa ishlangan klip telekanallar efiridan tushmay kelmoqda?! Savol yana ochiq.
Abdulla Oripov ayrim g‘arib va nochor qo‘shiqlar haqida kuyunib shunday yozgan edi: “G‘arib qo‘shiqlar! Ularni tinglovchilarga mening dil-dildan rahmim keladi. Chunki bunday qo‘shiqlar o‘zining chuchmal ohangi, poyma-poy so‘zlari bilan asablarni beomon arralaydi, millionlab tinglovchilarni bir nafas bo‘lsa ham, g‘oyat noqulay ahvolga solib qo‘yadi, didsiz, farosatsiz ashulachining dastidan dod deging, dunyodan bosh olib ketging keladi. Xo‘sh, ashulaning she’rini yozgan shoir nazmboz tovlamachi ekan, uning musiqasini yozgan bastakor allaqanday ohangfurush ekan, ijrochi bez terishdan boshqa ishga yaramaydigan o‘tkinchi savodsiz kimsa ekan, million-million xalqda nima ayb? Nega ulug‘ did va farosat egasi bo‘lgan kattakon bir xalq bunaqan­gi masxarabozlikni tinglashi kerak!”
Kliplarga e’tirozimiz yanada ko‘p. Oxirgi paytda tomoshabinlar e’tiboriga havola qilinayotgan bunday media mahsulotlarning aksariyati xorijiy kinofilmlar syujetiga qurilgandek tuyuladi. Mazkur masala yuzasidan mutaxassisga murojat qildik.
— Klip, asosan, klipmeykerning g‘oyasi va xonandaning talab-istaklariga qarab suratga olinadi, — deydi klipmeyker Sanjar Matkarimov. — Biz­ning soha bo‘yicha mutaxassis tayyorlaydigan ta’lim dargohi yo‘q. Hamkasb­larimning ko‘pchiligi rassom, rejissyor yoki opera­tor. Nazarimda, yurtimizda klipmeykerlarni birlashtiradigan, muam­mo va takliflarini eshitadigan alohida tuzilma bo‘lishi kerak. Men oyda ikkita, ko‘pi bilan uchta klip suratga olishim mumkin. Ba’zi hamkasb­larim esa, sakkiztagacha klip ishlaydi. G‘oyaviy mazmunini o‘zingiz tasavvur qilavering. Bizni rag‘batlantirish uchun tanlovlar joriy etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Qo‘shiq ermak uchun aytilmaydi, bekorchilikdan eshitilmaydi. Qo‘shiq, kuy azaldan odamlarni yashashga, yaratishga undagan, qayg‘usiga malham, baxtu quvonchiga sherik bo‘lgan. Qo‘shiq xalq orzu-umidlarining ifodasi, ruhiyatining ko‘zgusi hisoblanadi, axir.
Musiqa san’atiga kirib kelayotgan yoshlar, avvalo, kitob o‘qishi, milliy qad­riyatlarimiz va boy musiqiy mero­simizdan xabardor bo‘lishi lozim. Shundagina yaratgan asari o‘zgalar­ning qalbini zabt eta oladi.
“Tabiat bo‘shliqdan qo‘rqadi”, deydi mashoyixlar. Darhaqiqat, yaxshilik yo‘q joyga yomonlik suqilib kirishi bor gap. Porloq kelajakni ma’naviyati yuksak avlodgina barpo eta olishini nazarda tutsak, musiqa san’atining eng ommaviy janri hisoblangan estradani yuqori saviyali ijod namunalari bilan to‘ldirish qanchalik muhim va ahamiyatli ekani yaqqol namoyon bo‘ladi.