Psixolog maslahati

— Yoshim 19 da. Kasb-hunar kollejini tamomlab, oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirdim. Ammo kirolmadim. Bundan uydagilar ham tushkunlikka tushgan. O‘zimni qo‘lidan hech ish kelmaydigan omadsiz insondek his qilyapman. Bu vaziyatdan chiqib ketishni istayman, qanday maslahat berasiz?

Sardor BEKMURODOV
Kattaqo‘rg‘on shahri

Savolga psixolog Shahnoza XALILOVA javob beradi:

— O‘tgan ishga salovat. Harchand siqilmang, vaqtni ortga qaytarolmaysiz. Ruhiyatingiz so‘ngani qoladi, xolos. Bu esa, kelgusi rejalaringizga salbiy ta’sirini ko‘rsatishi aniq. Inson muvaffaqiyatsizlikni qabul qi­lishni ham bilishi kerak. Chunki mag‘lubiyat keyingi yutuqlarga zamin hozirlaydi.
Oliygohga kirolmadim, bir yil umrim besamar ketadi, deb aslo qayg‘urmang. Bu omadsizlik siz uchun sinov. Yana o‘qib-o‘rganib, bilimingizni mustahkamlab olasiz.
Maslahatim, avvalo, hayot bu bilan tu­gab qolmaganiga o‘zingizni ishontiring. Kun bo‘yi bir joyda, hech kim bilan muloqot qilmay o‘tirish ichingizni battar yemirtiradi. Undan ko‘ra ko‘chaga chiqing, do‘stlarga qo‘shiling, hech bo‘lmasa, badiiy kitob mutolaa qiling. Xullas, yomon o‘y-fikrlardan yiroqlashish kerak. Ana undan keyin kitob-daftarni qo‘lga olib, tayyorgarlikni boshlasangiz bo‘ladi. Ishoning, hammasi hali oldinda.