Psixolog maslahati

— Endigina 18 ga kirdim. Avvallari ko‘p kitob o‘qir, she’rlar yozardim. Ammo ulg‘ayganim sayin hayotga qiziqishim so‘nyapti. Dardlashadigan yaqinim yo‘q, chunki hech kimga ishonmayman. Ota-onam ham ajrashgan, hozir oyim bilan yashayman. Qog‘oz maydalash, biror narsani sindirishdan rohatlanaman. O‘zgarishni xohlayman, menga maslahat bering.

Hafiza ABDUSAMATOVA
Chirchiq tumani

Savolga psixolog Akobir ABDULLAYEV javob beradi:

— Anglashimcha, sizdagi muammoning asosiy sababi ota-onangizning ajrashganidir. Ulardan norozi bo‘lish, achchiqlanishingiz tabiiy. Kattalarga qastma-qasd shunday qilayotgandirsiz, ehtimol. Lekin bu bilan o‘zingizga jabr qilasiz, xolos.
Ayni damda sizni aql emas, hissiyotlar boshqaryapti. Oyna sindirish, qog‘oz maydalashdan rohatlanish bu — vaqtinchalik holat. Aslida inson o‘zini butkul hissiyotlar iskanjasiga topshirmasdan, aqlga tayanib ish ko‘rmog‘i lozim.
Avvalo, o‘zingizga savol bering: qanchalik to‘g‘ri ish tutyapman, bu harakatlar bilan nimani isbotlamoqchiman? Nazarimda, na sirdoshingiz va na biror do‘stingiz bor. Maslahatim, qobig‘ingizga o‘ralib olmasdan, tashqariga ham nazar tashlang. Bu vaziyatda do‘st orttirish, ko‘proq muloqotda bo‘lish ayni muddao. Har kuni ertalab yugurish ham diqqatni chalg‘itib, yurakdagi g‘uborlardan xalos bo‘lishga yordam beradi.
Ayni o‘qib-o‘rganib, izlanadigan pallada ekaningizni unutmang. Chunki bugungi harakatingiz ertangi kuningizni belgilab beradi. Hayotga qanchalik samimiy nigoh bilan boq­sangiz, u ham sizga bundan-da yorqin lahzalarni tuhfa etadi. Psixolog qabulida bo‘lish ham zarar qilmaydi.