Qaytarilgan sovg‘alar

Men nazoratchi bo‘lib ishlaydigan universam shaharning gavjum yerida joylashgan. Odam ko‘pligidan sotuvchilarning qo‘li-qo‘liga tegmaydi. Nazoratchilar ham mo‘l. Bir zum e’tibor chalg‘imasligi kerak, chunki qo‘li egri insonlar uchrab turadi. Chap yelkada o‘tirgan Lain ularni peshtaxtadagi mollarni o‘marishga da’vat etadi. Monitordan ko‘zimni uzmay, xarid uchun mahsulotlar tanlayotgan insonlarga nigohimni qadayman.

Ular orasidan kimdir ko‘zimga issiq ko‘rindi — sevgilim Gulmira! Yuragim xapriqib ketdi. Gulmira dunyodagi eng yaxshi qiz. Uni dildan sevaman. Ikki-uch kunda sog‘inib qolaman. Gulmira epchil, kayvonilar tili bilan aytganda “uyim-joyim deydigan”lardan. “Oyimga ish qildirmayman”, — deydi u. Oila to‘ng‘ichi bo‘lgani uchun ko‘p yumushlar uning gardanida, bozor-o‘charni ham o‘zi qiladi. Men ham to‘ng‘ich, lekin bozor-o‘charga uquvim yo‘q.
Xullas, monitorda Gulmirani kuzata boshladim. Qiz atrofga olazarak boqar, qimmatbaho shokoladlarni cho‘ntagiga urardi. Yana allanarsalarni jemferining yengiga tiqardi. Bu necha puldan tushdi?! Boshim g‘uvilladi, aqlim lol… Nima qilsam ekan? Shu payt uning ro‘parasida nazoratchi hamkasbim Isroil paydo bo‘ldi. Isroil Gulmira bilan ahdu paymonimizni bilar, ko‘cha-ko‘yda birga yurganimizda Isroilga ko‘p bora duch kelganmiz. Tarvuzim qo‘ltig‘imdan tushib, “tars” yorildi.
Uyat o‘limdan qattiq. O‘g‘riligi isbotini topgan, nomusdan yuzlari alvondek Gulmira ko‘z o‘ngimdan ketmadi…
Taqdirning og‘ir zarbasi, oltin deganim mis bo‘lib chiqqanidan azoblanib, bir oygacha kechalari uyqum kelmadi. Garang odam kabi hushsizlanib yurdim. Gulmiraning telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermasdim. Qiz tinmay SMS yozib, kechirim so‘rardi. Yana ichimda tahlil qildim. Balki ko‘nglim juda qattiq, mening o‘rnimda boshqa yigit bo‘lganda uni kechirarmidi?! Alam qilgani, yo‘qchilikdan shu ishni qilgan desam, ota-onasi obro‘li tashkilotda ishlaydi. Ish­xonada xunuk gap-so‘zlar tarqaldi: “G‘ulom yaxshi ko‘rgan qizi bilan o‘g‘irlik qilipti ”, “G‘ulom qizga sharoit yaratib beribdi”…
Isnoddan qaddim dol bo‘ldi. Ishdan bo‘shash haqida ariza yozib, mudirimizning kabinetiga kirdim.
— O‘g‘lim, aslo o‘kinma, gap-so‘zlarga e’tibor berma! — dedi u. — Sening halol, diyonatli yigit ekaningni yaxshi bilaman. Endi, “Odamning olasi ichida”, deydilar.
Parvo qilmay, yaxshi ishlayver! Hayotda nimalar bo‘lmaydi, deysan. Erkak kishi hayot zarba­lariga ko‘ksini tog‘ qilishi kerak. Shundagina bu buyuk martabaga sazovor bo‘ladi.
Qalbi daryo, jo‘mard insonning daldasi dardimga ozgina malham bo‘ldi.
Kunlarning birida ishdan qay­tayotsam, Gulmira yo‘limdan chiqdi. Ranglari aftodahol, ozib ketibdi.
— G‘ulom aka, meni kechiring, sizday yigitni yuziga oyoq bosdim,— dedi u yig‘lamsirab.
— Gulmira, meni tinch qo‘y, endi yo‘limiz boshqa-boshqa. O‘zingni oqlama, iltimos. Sen bunaqa qiliqni ko‘p qilgansan. Avvallari birov ko‘rmagandir, lekin Yaratgandan hech bir gunohni yashirolmaysan!
Gulmira lablarini qattiq tishladi, qo‘lidagi katta elimxaltani oyoq­larim ostiga qo‘yib yugurib ketdi. Xalta ichiga ko‘z tashladim, unda bayram, tug‘ilgan kunlarida men bergan sovg‘alar bor edi.

G‘ulomning so‘zlarini 

Nasiba ABDULLAYEVA
oqqa ko‘chirdi.