Qo‘shaloq qayg‘u (Charls ENRAYT)

Bugun Chikagodan xat oldim. Unda onamning vafot etgani haqida yozilgan. O‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Dunyoni zulmat chulg‘ab olgandek tuyuldi. Onamni endi hech qachon ko‘rolmasligim va u bizni tark etgani aqlimga sig‘masdi. Yuragimdan xuddi nimanidir sug‘urib olingandek bo‘ldi…

Uyga arang kirib bordim. Zudlik bilan yo‘lga chiqish kerak, ammo negadir bunga hafsalam yo‘q edi. Onajon, meni kechiring, eng kerakli paytda yoningizda bo‘lolmadim! Ish, uy-joy, xotin,
bola-chaqani sizdan afzal ko‘ribman.
Ayolim kayfiyatim yo‘qligini yuzimdan payqagan bo‘lsa-da, telefonda dugonasi bilan suhbatlashishdan to‘xtamasdi. Hech qayerga, hatto ich-ichimga sig‘may ketayotgandim. Xotinimning ming‘ir-ming‘iri, hadeb hiringlashi jig‘imga tega boshladi. Shartta o‘rnimdan turdim-da, qo‘lidan telefonni tortib olib, o‘chirib qo‘ydim. Bunday munosabatni kutmagan rafiqam:
— Ha, nima balo, jin chaldimi? — dedi vajohat bilan.
— Undan ham battar. Onam… onam o‘ldi…
— Ha, shundaymi? O‘lsa-o‘lar, shunga shunchami? — dedi u beparvolarcha.
— Sen… Nimalar deyapsan axir?!
Shu payt gapim og‘zimda qolib, qo‘ng‘iroq chalindi. Ayolim hech nima bo‘lmagandek go‘shakni ko‘tardi.
— Allo… Nima? Kim? O-o-onam… Nega? Qachon? Mayli, yetib boramiz…
U telefonni qo‘yar ekan, alam bilan achchiq ko‘z yosh to‘kardi.

Ingliz tilidan Gulnoza Amirova tarjimasi.