Rahmat sizga, kursdoshlar!

Boysunlikman. O‘zbekiston Milliy universitetida o‘qiyman. Nogiron ukam bor. Ammo sira o‘kinmayman. Hozir yozayotganlarimni xoh ko‘ngil iztirobi, xoh dil izhori, deb qabul qiling. Barchasi boshimdan o‘tgan voqealar.
O‘tgan yili kech kuzda xastala­nib qoldim. Ertalab tanamda qattiq og‘riq paydo bo‘ldi. Kursdoshlarim — Jamshid va Islom meni darhol kasalxonaga olib bordi. Avvalroq Islom bilan qattiq urishib, bilmasdan qalbiga ozor berganim yodimda. Uyalib ketdim, lekin uzr so‘rashga jur’atim yetmadi. Og‘riq azobi meni o‘ziga tamomila bo‘ysundirib olgandi.
Nihoyat, tahlil natijalari chiqdi. Operatsiya qilish kerak! Bir yo‘la uchta tashxis qo‘yilgan. Shifokorning aytishicha, orga­nizmim faqat bitta jarrohlik amaliyotini ko‘tara oladi. Bi­rinchi navbatda, ko‘richakni olib tashlash zarur. Rozi bo‘ldim. Kursdosh yi­gitlar va guruh rahbarimiz ishtirokida hujjatlarni rasmiylashtirdim. Boysunga qo‘ng‘i­roq qilib, ota-onamga vaziyatni tushuntirdim.
— Husanjon, hamma narsaga tayyor turgin!
Shifokorning bu gapi meni esan­kiratib qo‘ydi. O‘rtaga cho‘kkan sukunatdan “tars” yorilay derdim. Yana uyga qo‘ng‘iroq qildim. Qalban yaqinlarim bilan xayrlashdim. Operatsiya boshlandi…
Ko‘zimni ochganimda kursdoshlar tepamda turardi. Bir-biriga gap bermay, hazil-mutoyiba qilib, ko‘nglimni ko‘tarishga harakat qildi. Men qayta tug‘ilgandek edim.
Tun og‘ir o‘tdi. Ertasi kuni kursdosh qizlar issiqqina tovuq sho‘rva qilib keldi. So‘ng yana yigitlar bilan gurunglashdik. Sal turib yuqori kursdan bir nechta talabalar yo‘qlab keldi. Bunday mehr-oqibatni, rosti, kutmagandim. Beixtiyor ko‘zim yoshlandi.
Oradan to‘rt kun o‘tdi. Anchagina o‘zimga kelib oldim. Menga g‘amxo‘rlik qilayotgan insonlar yonimda bo‘lsa-da, ammo ota-onam sog‘inchi qalbimni o‘rtardi. Bilaman, o‘sha kezda mushtiparlarimga ham og‘ir bo‘lgan. Ichidan o‘tganini o‘zi biladi. Faqat do‘stlar davrasida ekanim ularga biroz taskin berardi. Biri meni kiyintirsa, boshqasi ovqatlantirib qo‘yar, yana birov tuni bilan yonimdan jilmasdi.
Chorak asr yashab qo‘ygan bo‘lsam-da, bunday sadoqatni ko‘rgan emasman. Tangrim menga ana shunday oqibatli insonlarni ro‘para qilgani — ulkan baxt!
Og‘ir kunda yonimda bo‘lganlarga boshim yerga tekkuncha ta’zim qilaman. Hayot — imtihon. Shukrki, mehribon kursdoshla­rimning daldasi bilan og‘ir sinov­dan eson-omon o‘tib oldim. O‘sha voqeaga ham roppa-rosa bir yil bo‘ldi. Hozir, kasalxonada betob yotganim, meni ko‘rishga kelgan kursdoshlar, 17-noyabr — Xalqaro talabalar kunini birgalikda nishonlaganimiz ko‘z o‘ngimdan bir-bir o‘tmoqda. Yiqilganimda suyab, oyoqqa turg‘izgan guruhimizning bahodir yigitlari, oqibatli qizlari, hammangizga rahmat aytaman! Sizlardan umrbod qarzdorman! Bayramingiz muborak bo‘lsin!

Husan NUSRATOV