Tadbirkorga savod kerak(mi?)

Yurtimizda tadbirkorlikka keng yo‘l ochilgan. Tabiiyki, yaratilgan sharoitlardan oqilona foydalanib, o‘z biznesini boshlaganlar soni ortmoqda. Bundan davlat iqtisodiyotiga foyda, albatta. Ammo ba’zi ijtimoiy masalalarni ham e’tiborsiz qoldirmaganimiz ma’qul.

Odatda biron mahsulot xarid qilayotib, uning yaroqlilik muddati bilan qiziqa­miz. Biroq nomi va ishlab chiqaruvchisiga ahamiyat qaratuvchilar oz. To‘g‘ri-da, axir, xaridor uchun mahsulotning sifati va hamyonbopligi ko‘proq muhim.
Savdo markazlari-yu do‘kon peshtoqlari, shuningdek, yo‘l bo‘yidagi simyog‘ochlarga ilingan reklama e’lonlaridagi imlo xatolarni ona tilini mukammal bilmagan odam ilg‘ab olishi mushkuldir, ehtimol. Ilg‘ab olganlar ham ko‘pincha: “Obbo savodsizlar-ey”,
deyishdan nariga o‘tmaydi. Korxonasi tugul, hatto ishlab chiqarayotgan mahsuloti­ning nomini xato yozadigan tadbirkorlar­ning bu holiga ich-ichimdan ezilaman. Axir, til qoidalariga rioya qilish faqat tilshunos yoki pedagogning ishi emas-ku! O‘zbek tili o‘qituvchisi sifatida ona tilimizga behur­mat munosabatda bo‘layotganlarga nafratim ortadi. Mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy “Tilga e’tiborsiz, elga e’tiborsiz”, deb bejiz aytmagan.
Birgina misol. O‘qituvchilar uchun mo‘ljallangan dars tahlili daftaridagi “o‘” harfida qo‘llaniladigan belgi o‘rniga tutuq belgisi, ya’ni «’» qo‘yilgan. Balki, bu ikki belgini farqlash mahsulot ishlab chiqaruv­chisiga biroz qiyinchilik tug‘dirar. Biroq daftarning ichki sahifalaridagi uslubiy g‘a­lizliklarni nima bilan izohlash mumkin? Masalan, ilk sahifada “ta’lim muassasasi” o‘rniga “ta’lim muassasasli” deb yozilgan. Dars tahlili uchun ajratilgan sahifalarda ham imloviy va uslubiy xatolar mavjud. “O‘quv­chilarni baholash” deb yozilishi kerak bo‘lgan joyga “o‘quchilarning baholash”, deb ketilgan. Shuningdek, daftarning orqa muqovasidagi taqvimda oy nomlari lotin
alifbosiga asoslangan o‘zbek tili imlo qoidalari bo‘yicha yozilmagan: “sentabr” o‘rniga “sentyabr”, “oktabr” o‘rniga “oktya­br”
va hokazo.
Buni qarangki, dars tahlili daftarining bironta joyiga ishlab chiqaruvchi korxona­ning na nomi, na manzili qayd etilgan. Shu bois e’tirozlarimizni matbuot orqali bayon etishga qaror qildik. Zora tadbirkorlar gazetani o‘qib, o‘zlariga tegishli xulosa chiqarsa.
Istagimiz, shu yurtning har bir fuqarosi ona tilimizni hurmat qilib, imlo qoidalariga qat’iyan rioya qilsin. Axir, milliy qadriyatlarni asrash va e’zozlashga burchlimiz. Siz nima deysiz?!

Shohrux IBODULLAYEV,
Bog‘ot tumanidagi 2-ayrim fanlar chuqur o‘rgatiladigan maktabning ona tili va adabiyot o‘qituvchisi