Uyg‘ongan vijdon

Onamning aytganlari misli o‘git: “Qo‘lingda hamisha kitob bo‘lsin. Bitta so‘z o‘qisang ham nimadir o‘rganasan, bolam!”

O‘shandan buyon mutolaaga o‘chman. Ba’zan uyda o‘qib tugata olmagan yostiqday romanlarni ham ko‘ta­rib ketaveraman. Kunlar­ning birida Ma’suma Ahmedovaning “Hikoya­lar” nomli kitobi qo‘limga tushdi. To‘plamdan o‘rin olgan hikoyalar meni butunlay mutaassir qilib qo‘ydi.
Muallif ko‘rgan-bilganlari, boshidan kechirgan va yurakdan o‘tkazganlarini boricha qog‘ozga tushirgani — asarlardagi sami­miy ifodalar o‘quvchini maftun etadi. Ularda do‘mbiraning kuyiday yurakning nozik torlari­ni chertadigan, chanqovuz nolasidek ko‘ngilni o‘rtaydigan ohang bor. Bularni Ma’suma opa­ning ijod namunalarini o‘qish va uqish asnosida his etasiz. Uning hikoyalari atrofimizda biz ko‘rib, payqamaydigan turfa odamlar: oliftalar, olchoqlar, miskinlar, faqirlar, munislar, odam­oxunlar bilan yuzlashtiradi.
“Bayramlik” hikoyasini olaylik. Uning syujeti o‘ylab topilmagan. Xuddi yo­zuvchi ko‘chaga chiqqan-u, duch kelgan odamning yuziga oyna tutgandek, taassurot uyg‘otadi, insonda.
Asar qahramoni — Toshpo‘lat uyi­dan chiqayotganda turmush o‘rtog‘i bozor uchun ro‘yxat beradi. U: “Shokirga botinka, Ahmadga mayka, Rahimga shim…”, — deya barmoqlari bilan bitta-bitta sanar ekan, go‘yo kamxarj otaning g‘ururini mana shu barmoqlardek bukadi. Toshpo‘lat maoshini xomcho‘t qilib, ishga yo‘l oladi. Avtobazadagi hamrohlari esa, biron joyga borib ulfatchilik qilish ilinjida. Ammo bu safar Toshpo‘lat ularning taklifini rad etib: “Churvaqalarni bir xursand qilaylik, keyin”, — deydi.
Shundan so‘ng maoshini cho‘ntakka urib, magazinga jo‘naydi. Yo‘l-yo‘lakay xarid qilinajak narsalarni sanab boradi: “Ilhomga botinka, Ahmadga ko‘ylak, Shoiraga mayka… Shoira maykani nima qiladi?”
Aslida mayka o‘g‘li Adham uchun edi. Ammo Toshpo‘lat sanoqda adashib ketadi. Bu bilan yozuvchi farzandlari hayotiga befarq otalar ham borligiga ishora qiladi. Toshpo‘lat ulfatchilikdan bo‘shamaydigan inson. Oilasiga e’tibori sust. Faqat bu safar otalik hissi ustun keladi.
Toshpo‘lat do‘konga kirgach, tepa qatordagi yaltiroq qog‘ozga o‘ralgan novvotrang matoga ko‘zi tushadi. “Bunday libosni beli qilday, “puf” desa uchib keta­digan olifta nozaninlar kiysa kerak-da”, — deya ko‘nglidan o‘tkazadi. So‘ng qiziqsinib matoning nar­xini so‘raydi. Sotuvchi qiz uni kalaka qilganday javob beradi. Toshpo‘latning ori keladi. Ro‘zg‘origa yetib-yetmay turgan pulning borini sarflab bo‘lsa ham, xotini uchun, garchi u ro‘yxatda bo‘lmasa-da, bir ki­yimlik mato olishga ahd qiladi. Bolalarim kiyim-kechaksiz qoldi, maoshning qolganini ro‘zg‘orning boshqa kam-ko‘stiga ishlatay, degan fikr yo‘q.
Xullas, sotuvchi qiz qimmatbaho matodan o‘lchab beradi-yu, ammo hisob-kitob qilishni unutadi. Hikoya shu yerga kelganda avjiga chiqadi. Toshpo‘latning ichida g‘alayon boshlanadi. U allaqachon do‘kondan ko‘chaga chiqib ulgurgan. Matoning pulini bermay, indamay ketaversa ham bo‘ladi. Ammo vijdoni qiynalmoqda. Shunday ichki ziddiyat ila qahramonimiz uyi­ga yetib boradi. Xotiniga olib kelgan matoni uzatadi. Ayol lom-mim deyolmaydi. Matoga xuddi birovnikiday, qo‘l tekkizsa kuydiradiganday tikiladi. Odatda oila a’zolarining bir-biriga sovg‘a ulashishi oddiy hol. Ammo o‘zbekning shunday xonadonlari borki, hisdan andisha ustun turadi.
Shu joyda yozuvchining mahoratiga qo­yil qolish kerak. U vaziyatni shunday ifodalaydiki, huddi er-xotin bir-biriga endi dil yozayotgandek.
“ — Yoqmadimi?..
— Nega yoqmas ekan, siz obkela­siz-u, yoq­maydimi?”
Hikoya so‘ngida esa, Toshpo‘latning mudroq vijdoni uyg‘onadi. U do‘konga qaytib borib, hisobda adashganini aytadi. Endi sotuvchi qiz ham boyagiday kalondimog‘ emas. U birdan yumshab minnatdorchiligini izhor etadi.
Asarning asosiy jihati shundaki, har bir qahramon xarakteriga andisha, mardlik, g‘urur, halollik kabi fazilatlar singdirilgan. Inson aslida mana shular bilan go‘zal.

Rohilabonu G‘O‘CHCHIYEVA,
o‘quvchi