1 savolga 1 javob

— Ayni vaqtda dekret ta’tilidagi xodimning o‘rnida ishlayapman. Lekin u muddatidan oldin ishga chiqmoqchi. Endi men ishsiz qolamanmi?

Adiba BAHODIROVA
Denov tumani

Savolga huquqshunos Aziza TOLIPOVA javob beradi:

— O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi­ning 237-moddasiga binoan, bolani parvarishlash ta’tili (dekret)dagi xodim ta’tildan so‘ng ishga qaytganida ish beruvchi tomonidan avvalgi ish o‘rniga tiklanishi yoki shu ish o‘rniga teng ish o‘rni bilan ta’minlanishi lozim. Bundan chiqdi, bolani parvarishlash ta’tilidagi xodim boshqa ish o‘rniga o‘tishga rozi bo‘lgan taqdirdagina siz o‘z ishingizda qolishingiz mumkin. Aks holda, ish beruvchi sizni mutaxassisligingizga mos bo‘sh shtatga o‘tkazishga, u ham bo‘lmasa, ishdan bo‘shatishga haqli.

(Yosh huquqshunoslar kengashi bilan hamkorlikda tayyorlandi).