1 savolga 1 javob

— Men ta’lim olayotgan oliy o‘quv yurtida 1-bosqich talabalariga akademik ta’til berilmaydi deyishdi. Shu rostmi? Oydinlik kiritib bersangiz.

Sardor MALIKOV
Angren shahri

Savolga huquqshunos Aziza TOLIPOVA javob beradi:
— O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari talabalariga akademik ta’til berish to‘g‘risidagi nizomga asosan, talaba harbiy xizmatni o‘tash, salomatligini tiklash, homiladorlik va tug‘ish davrida yoki bolalarni parvarish qilish uchun akademik ta’til olishi mumkin.
Oxirgi uchta sabablardan birini ko‘rsatib akademik ta’til berishni so‘rab murojaat qilgan talaba arizasiga u doimiy tibbiy nazoratda turgan tibbiyot muassasasi komissiyasining xulosasini, akademik ta’til harbiy xizmatni o‘tash uchun olinayotganda esa, tegishli tuman (shahar) mudofaa ishlari organining chaqiruv qog‘ozini ilova qilishi lozim.
1-bosqich talabasiga akademik ta’til faqat kasalligi tufayli berilishi mumkin. Bunday holatda ta’til vaqtida stipendiya tayinlanmaydi.

(Yosh huquqshunoslar kengashi bilan hamkorlikda tayyorlandi).