Baxt uzoqda emas

Ko‘p til bilish naqadar yaxshi. Darsdan bo‘sh vaqtimda ingliz tili kursiga boraman. Bugun ham universitetdan chiqib, qo‘shimcha mashg‘ulotga otlandim. Tayyorlov kursiga yozilgan ko‘pgina tengdoshlarim chet eldagi nufuzli oliy ta’lim muassasalarida o‘qimoqchi ekanini bilgach, avvaliga suyundim. Ular xorijda tahsil olib, tajriba orttirib kelsa, jamiyatga nafi tegadi, albatta. Ammo guruhimizdagi Ibrohim ismli yigit bilan suhbatdan so‘ng hafsalam pir bo‘ldi. Chunki u AQSHda o‘qib, o‘sha yerda qolishni orzu qilayotganini aytdi. Hayron bo‘lib so‘radim:

— Nega?
— Eh, shuni ham bimaysizmi? Axir, Amerikani “erkinliklar o‘lkasi”, deyishadi-ku! Qolaversa, xorijda maosh ham yaxshigina.
Bu gaplar yuragimga o‘qday qadaldi. To‘g‘ri, odamlar har xil fikrlaydi. To‘kin hayotni ham har kim o‘zicha tasavvur qilishi mumkin. Kim uchundir tinch-osuda hayot kechirish — baxt, boshqa birov esa, hayhotdek qasrda yashab o‘zini baxtiyor his qiladi.
Tunov kuni qishloqdoshimni ko‘rib qoldim. “Green Card” dasturida g‘olib bo‘libdi. Endi oilasi bilan AQSHga ketmoqchi. Sababini so‘rasam, yana o‘sha gap — u yerda hayot boshqacha. Chet elga oshiqayotgan yurtdoshlarimizni hoyu-havasga berilib, “Susambil”ni izlab ketayotgan ertak qahramonlariga o‘xshatdim.
Bir tanishim Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetida ikkinchi kursda o‘qirdi. Tengdoshlariga qiziqdimi yoki boshqa sababdanmi, xullas, to‘satdan o‘qishni Amerikada davom ettirishga qaror qildi. Ketdi ham. Eshitishimcha, o‘qishni tashlab, pitssa tashuvchi bo‘lib ishga kiribdi. “Kuniga yuz dollar topaman”, — deydi u faxrlanib. Fikrimcha, bunday hayot havasga arzigulik emas. Lekin shunga ko‘nikib yashayotgan vatandoshlarimiz bor-da.
O‘ylab ko‘raylik, tinim bilmay mehnat qilgan, yetti iqlimdan ilm izlagan zakiy ajdodlari­miz tufayli biz ma’rifatli millatga aylandik. Ammo ota-bobolarimiz bilan faqat maqtanib o‘tiraversak, hech narsaga erishmaymiz. Hozir ularga munosib bo‘lish, mamlakat rivojiga hissa qo‘shishning ayni mavridi.
“Yosh kuch” jurnalida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining 3-bosqich talabasi Aynura Seydullayevaning fikrlarini o‘qib qoldim: “Menejment sohasiga qiziqaman va kelajakda bu yo‘nalishda AQSHda tahsil olmoqchiman. Nega aynan Amerikada dersiz? Chunki Amerikada bu sohada eng yaxshi maktablar shakllangan. U yerda ta’lim olib, o‘z kasbimni chuqur egallab, O‘zbekistonga qaytaman. Faoliyatimni ona yurtimda davom ettiraman”, — deydi tengdoshimiz. Aynura kabi Vatanini ardoqlovchi, uning rav­naqi uchun bor kuch-g‘ayratini safarbar etgan yoshlar safi kengaysa, O‘zbekistonimiz kelajagi porloq bo‘ladi, albatta. Inson baxtni mansab va mol-dunyo emas, avvalo, maqsadga bog‘lamog‘i darkor.
Jannatmakon diyorimizning yuksalishi yo‘lida birlashsak, baxtni o‘zga yurtdan emas, o‘z Vatanimizda izlasak, yetuk mutaxassis bo‘lsak, shuning o‘zi yutug‘imiz bo‘ladi. Siz nima deysiz, tengdoshim?

Sitora ALIQULOVA, talaba