Bolaligini yo‘qotgan bolalar

“Afg‘onistonda bolalar ko‘p, ammo bolalik yo‘q”. Xolid Husaynning “Shamollar ortidan yugurib” asaridan olingan birgina shu jumlani o‘qidim-u jafokash xalqning tushkun holati ko‘z o‘ngimda gavdalandi. Ochlik va shafqatsizlik oqibatida nobud bo‘layotgan begunoh insonlar, undan ham ayanchlisi, hali dunyoni tanishga-da ulgurmay urush girdobiga tashlangan go‘daklar surati ko‘z oldimdan o‘tdi.

Mana shu xayoliy manzaralar menda asarni o‘qish istagini kuchaytirdi. Tezda mutolaaga kirishdim. Asar syujeti shunchalik hayotiyki, qiziqish zo‘r kelib o‘zingizni mutolaadan to‘xtatolmaysiz.
Xullas, kitobni tonggacha o‘qib tugatdim. Taqdirimdan minnatdorlik hissini tuydim. Tinch yurtda tug‘ilganim va hech qanday cheklovlarsiz ta’lim olayotganim uchun Yaratganga shukrona aytdim.
“Shamollar ortidan yugurib”da odamlarni azoblash, chorasiz qolgan aholini arzimas xatolari uchun ayblab, tahqirlashdan rohatlanadigan kimsa­larning razil qiyofasi aks ettirilgan. Ayniqsa, bolalar taqdiri ochiq-oshkora bayon etiladi. Erta ulg‘aygan norasidalar faqat tinchlik istab tong ottiradi. Tangri taolodan tinchlik so‘rab tili chiqadi.
Asar qahramoni 12 yoshli Suhrob obrazi orqali yozuvchi bolaligini yo‘qotgan bolalar ruhiyatini tasvirlaydi: “Charchadim… Qaniydi, ota-onam yonimda bo‘lsa, Sasa ham, Rahimxon sohib ham. O‘zimizning eski uyimizda birga yashasak, — u barmoqlari bilan ko‘z yoshini artdi…
… Men dadamni, onamni, hamma yaqinlarimni sog‘inaman. Ammo bir hisobdan ular meni hozir ko‘rmayotganidan xursandman, — dedi Suhrob o‘kinch bilan. — Chunki men gunohga botganman”.
Shukrki, biz bolalikning baxtiyor lahzalarini yodga olamiz. Tinchlik ko‘rmagan el farzandlari xotirasiga esa, vahshiyliklar muhrlanadi. Boshqalar arzimas qiyinchilikdan nolisa, ular bir burda nonni ko‘ziga surtib yeydi. Hech bo‘lmasa bir marta to‘yib ovqatlanishni orzu qiladi. Biz tongni quyosh nur sochganidan quvonib qarshi olsak, ular tirik qolar ekanmanmi, degan ha­dik ila uyg‘onadi. Asarni o‘qir ekansiz, “Urush iskanjasida qolgan bu bolalar ham xotirjam yashashga, ota-onasi bag‘rida ulg‘ayishga, qo‘g‘irchoq o‘ynab, hayot shodliklaridan bahramand bo‘lishga haqli-ku”, degan o‘y ichingizni tirnab o‘tadi. Xulosa esa, har kimning o‘zidan.

Zulfizar MAVLONOVA