Jaholatga qarshi muhabbat qissasi

Dugonam matematik. Aniq fanlarga qiziqqani bois, badiiy asarlarni deyarli o‘qimasdi. Men esa, unda adabiyotga havas uyg‘otishga astoydil harakat qildim. O‘zimda bor sara kitoblarni berib, mutolaaga undadim.

Buni qarangki, bir-ikki asarni o‘qib chiqqach, dugonam adabiyot olamiga rostmana qiziqa boshladi. Shu-shu har gal ko‘rishganimizda kitob almashadigan, mutolaadan keyin esa, o‘zaro fikrlashadigan bo‘ldik.
Yaqinda u qo‘limga bir kitob tutqazdi. Eronlik yozuvchi Mushfiq Kozimiyning “Qo‘rqinchli Tehron” romani ekan. Mutolaaga kirishdim.
Asar ikki kitobdan iborat. Unda o‘tgan asr boshlaridagi voqealar qalamga
olingan. Oradan yillar o‘tsa-da, voqealar, g‘oyalar, betizgin tuyg‘ular, orzu va armonlar zanjiri hali-hanuz o‘z ahamiyatini yo‘qotmagandek tuyuldi menga.
Romanda bosh qahramon Farruxning jaholatga qarshi kurashi, qasos olishga undagan sarguzashtlari va Mahinaga bo‘lgan sof muhabbati haqida hikoya qilinadi.
Farrux atrofdagilarga ezgulik ulashishga intiladigan shaxs. Bu yo‘lda tosh kelsa kemirib, suv kelsa simiradi. Mahina ham unga yelkadosh bo‘lib, har ishda qo‘llab-quvvatlaydi. Ikki yosh shuncha mashaqqat, azob-uqubatlarga duch kelsa-da, lekin sevgisidan voz kechmaydi. Bir-biriga sadoqat ko‘rsatib, yorug‘ kunlar kelishiga
ishonadi. Bu ikki obraz bugun ham ko‘plarga ibrat bo‘la oladi. Go‘yo ular kitobxonga haqiqiy sadoqat mana shunday bo‘ladi, deyayotgandek.
Kitobni o‘qib tugatgach, shukronalik hissini tuydim. Atrofdagilarga mehr ko‘rsatish, Vatan koriga yarash ne­chog‘liq olijanob fazilatlar ekanini teran angladim.
Aziz tengdoshim, “Qo‘rqinchli Tehron” romanini, albatta, o‘qib chiqing. Siz ham undan olam-olam ma’no topishingizga ishonaman.

Maftuna VALIYEVA