Kelajak sari yo‘l

Qulog‘imizga tanish, ammo aslida g‘ayrioddiy shovqinlar bilan tong boshlanadi. Ular shunchalik ko‘pki, o‘zimizga qadrlisini izlab diqqat bo‘lamiz. Hadisda: “Dunyo uxlayotgan odamning ro‘yosidir”, — deb yozilgan. Biz ro‘yolarimizni-da doim ilg‘ayvermaymiz. Nogahon bir kuni ko‘ngilning murodi uchun xonada yolg‘iz kitob mutolaa qilgimiz, tabiat qo‘ynida sayr etgimiz yoki qaysidir mashg‘ulot orqali uning amrini bajargimiz keladi.

Shunday kayfiyatdamisiz, yuring muzeyga boramiz. Ishonamanki, ibtidoiy odamlar hayoti huvillab qolayotgan qalbimizga olam-olam ma’no olib kiradi, hayrat bag‘ishlaydi.
O‘zbekiston davlat san’at muzeyida “Qadimgi madaniyat durdonalari: Termiz arxeologiya muzeyi xazinasidan” nomli ko‘rgazma ochilgan. Ekspozitsiyani tomosha qilib, yurtimizning yuz ming yillik tarixidan g‘ururlandim. Undagi har bir eksponat vatanimiz tarixiy merosi naqadar boy ekanidan dalolat beradi.
Surxon — ko‘hna sivilizatsiyalar beshigi. Moziy­ning izlari qolgan bu vohaga har kuni ham kelavermaysiz. Ahyonda biron sabab tug‘ilib borganda ham Termiz arxeologiya muzeyini aylanib chiqmaymiz. Keling, olisdan bo‘lsa-da shu ajib maskanga bir nazar tashlaylik.
Muzey Markaziy Osiyoda yagona. U Termiz shahrining 2500 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan. Muassasa binosi 100 ming eksponatni o‘z ichiga sig‘dira oladi. Hozir turli arxeologik topilmalar, numizmatika fondiga tegishli 20 mingdan ziyod eksponat mavjud.
Vohada ilk shahar-davlatlar, sug‘orma dehqonchilik shakllari paydo bo‘lgani tarixdan ma’lum. Zarautsoy qoyatosh suratlari, Teshiktosh g‘ori, Sopollitepa, Jarqo‘ton madaniyati kabi tarixiy maskanlar shonli o‘tmishimizdan hikoya qiladi. Muzey xalqaro miqyosda o‘tkaziladigan ko‘rgazma va anjumanlarda muntazam ishtirok etib kelmoqda.
O‘zbekison davlat san’at muzeyida tashkil qilingan ko‘chma ko‘rgazmada har bir topilma o‘tmish haqida so‘zlayotgandek tuyuladi. Ajdodlar zakosidan shahodat beradi. Yonimda bir qizning: “Uff, endi qayerda bitta idish topilsa boraveramizmi?” — degan e’tirozi qulog‘imga chalindi. U yozg‘irgancha Buddaning boshsiz haykali yonidan uzoq­lashdi. “Ibtidoiy bo‘lish intihoiy bo‘lishdan afzal”, — degan o‘y xayolimni tirnab o‘tadi. Ko‘z o‘ngimda esa, xarsang ustida o‘tirgan ibtidoiy odam mahzun jilmayadi.
Ayni chog‘da yaponiyalik arxeolog Kato Kyudzo yodimga tushadi. “Do‘stlik” ordeni sohibi va Termiz shahrining faxriy fuqarosi bo‘lgan bu olim yurtimiz tarixini chuqur o‘rgandi. Uni janub mo‘jizasi o‘ziga mahliyo etadi. Izlanishlari sabab tarix fani darsliklarimiz yanada takomillashmoqda.
Yon-atrofimni kuzataman. Eksponatni hayrat bilan tomosha qilayotgan tengdoshlarimni ko‘rib boyagi qizni unutaman. Yoshlar oynato‘siq ortidagi buyumlarga qarab o‘zligi haqida o‘y surayotganini bilib olish mushkul emas. Tarix bizga o‘zimizni tanitadi. Ajdodlari bilan faxrlana olgan avlod esa, kelajakka dadil qadam tashlay oladi. Zero, moziyga sayohat kelajak sari yo‘l, degani.

Madina NORCHAYEVA,
talaba