Krossovka kiygan Qorbobo

Siz Qorbobo borligiga ishonasizmi? Shaxsan men — yo‘q! Lekin singlim Anora har Yangi yilda uning kelishi va ko‘plab sovg‘alar berishini intiqlik bilan kutadi.
Anoraning tasavvurida Qorbobo Qor malikasi bilan birga chang‘ida, tog‘lardan oshib keladi. Ha, aldagani bola yaxshi-da! Menimcha, bu gaplarni unga ayam aytgan.
Yodimda, bundan ikki yil oldin Yangi yilni uyimizda qo‘shnilar bilan nishonlayotgan edik. Bir payt dadam: “Hozir Qorbobo keladi. U haqiqiy, xuddi kinolardagidek”, — dedi. Bu gapga hammadan ko‘proq singlim ishondi.
Eshik taqilladi. Yugurib borib ochdim. Chindan Qorbobo kelibdi. Sovg‘a to‘la qopi ham bor. Qolganlar orqamdan “guv” etib, tashqariga chiqdi. Hamma xursand. Kimdir chapak chaladi. Yana kimdir o‘yinga tushadi. Ayam Anoraga: “Ana Qorbobo tog‘u toshlardan senga sovg‘a berish uchun keldi!” — dedi.
Singlim Qorboboni ko‘riboq: “Bu haqiqiy emas!” — dedi. Dadam: “Qizim, nega bunday deyapsan?” — deb so‘radi hayron bo‘lib. Ano­ra esa: “Axir, uning oyog‘ida kros­sovka bor-ku”, — deb uyga kirib ketdi.
Anora haq edi. Bu haqiqiy Qorbobo emas, qo‘shnimiz Yunus aka edi. Hatto o‘g‘li Shohjahon ham Qorbobodan qo‘rqib turgandi. Yunus aka yuzini ochganidan keyin: “Da-daa!” — deb yugurib borib uni quchoqladi. Singlim bo‘lsa Qorbobo haqida eshitganlari yolg‘on ekanidan xafa bo‘lib o‘tiraverdi.
Bir kuni uning tushiga Qorbobo kiribdi. “Yangi yilda senga, albatta, sovg‘a olib boraman”, — degan ekan. Ertalab nonushta qilayotganimizda singlim xursand bo‘lib tushini aytib berdi. Dadam bu yil yana Yunus aka Qorbobo bo‘lib uyi­mizga kelishini ayamga aytayotganini eshitib qoldim. Ishqilib, Qorbobo yana krossovka kiyib kelmasin-da!

Murodali AVAZOV