Mas’uliyat e’tiborga yarasha

O‘qituvchilar xalq ma’naviyatini yuksaltira oladigan, jamiyatning eng oldi qatlamidir. Yurtimizda ular har qachongidan-da e’zozda. Bu bizni behad quvontiradi, albatta.

Bola mustaqil shaxs sifatida shakllanishi, qiziqish va iqtidori kamol topishida o‘qituvchining o‘rni beqiyos. Maktabga endi qadam qo‘ygan o‘g‘il yoki qiz ustoziga talpinadi, maslahatlariga quloq tutadi. Ustoz bolaga katta maqsadlar sari intilishni, kelajakka umid bog‘lashni o‘rgatadi. Shuning uchun ham odamlar birinchi ustozini alohida hurmat bilan tilga oladi.
O‘qituvchilar nechog‘liq sharafli kasb egalari ekani haqida o‘ylaganimda atoqli shoiri­miz Abdulla Oripovning quyi­dagi satrlari yodimga keladi:
Shoirga dedilar: siz — baxtli inson,
El-yurt ardoqlaydi, hamma taniydi.
Shoir javob berdi: menda bir armon,
Muallim desalar meni, qaniy­di.
Qanchalik achinarli bo‘l­masin, yaqin-yaqingacha o‘qi­­­tuv­chilar hali u hujjatni to‘ldir, hali bu hujjatni tayyorla kabi topshiriqlardan ortmasdi. Bugun bunday holatga barham berilgani, bizga bir qator imtiyozlar taqdim etilayotgani, oylik maoshlari­miz muntazam ravishda oshi­rilayotgani jamiyatda yanada obro‘-e’tibor topishimizga xiz­mat qilmoqda.
Endi o‘qituvchi ortiqcha majlislarga borib, vaqtini behuda o‘tkazmaydi. Bolalardan makulatura, metallom yoki remontga pul yig‘maydi. U oltindan qimmat vaqtini navqiron avlod vakillariga ziyo ula­shishdek olijanob ishga sarf­lamoqda. Shunga yarasha zimmamizdagi mas’uliyatni yanada teran his etmog‘imiz darkor, deb o‘ylayman.

Hafiza ABDURAIMOVA,
Xatirchi tumanidagi 42-umumta’lim maktabi
boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi