Psixolog maslahati

— Yoshim 23 da. Ikkita joyda ishlayman. Avval sezilmasdi, lekin oxirgi paytlarda nafaqat jismonan, balki ruhan toliqyapman. Ortiqcha gap-so‘zlarga toqatim yo‘q, ota-onamni ham bazo‘r eshitaman. Boz ustiga, uydagilar o‘qishni davom ettirishimga qarshi. Ularga qolsa, ertagayoq meni uylantirib qo‘ysa. Xullas, juda charchadim. Nima qilay, maslahat bering.

Anonim savol

Psixolog Zebiniso AHMEDOVA javob beradi:

— Er yigit doimo o‘zining mustaqil fikriga ega bo‘lishi lozim. Chunki siz ertaga bir oilaning sardori bo‘lasiz. Muhim qarorlar qabul qilishga to‘g‘ri keladi. Demoqchimanki, o‘qishingizni davom ettirishni qat’iy istayotgan ekansiz, shu yo‘ldan boring. To‘g‘ri, ota-onangiz tezroq kelin tushirib, nabiralar ko‘rishni istayapti. Bu tabiiy hol. Siz ularning orzu-niyatlarini hurmat qilgan holda, ularga o‘z reja-maqsadlaringizni ham yotig‘i bilan tushuntiring. Kuch-g‘ayratga to‘la davringizda o‘qib-o‘rganishingiz lozimligi, ertaga farzandlaringiz oldida yuzingiz yorug‘ bo‘lishini istashingizni ayting. Mana ko‘rasiz, ular sizni tushunadi va qo‘llab-quvvatlaydi.
Ayni paytda tushkunlik holatidasiz. Maslahatim, ikki-uch kun o‘zingiz uchun vaqt ajrating, tabiat qo‘ynida sayr qiling. Ortiqcha, zararli o‘y-xayollardan qutulishga harakat qiling. Kayfiyat ulashuvchi taronalar tinglang, nazm gulshanidan bahramand bo‘ling. Hali yoshsiz, charchashga ulgurasiz. Unutmang, oldinda sizni buyuk ishlar kutmoqda.