Shoir bo‘laman, deb… yoxud e’tirof emas, e’tibor kerak

Odatiy ish kunlaridan biri. Eshik taqillab, bir ayol “Mumkinmi?” — deya bosh suqdi. Orqasidan jajji qizaloq kirib keldi. Salom-alikdan so‘ng, ayol o‘zini ta­nishtirdi. Aytishicha, opa maktabda ona tili va adabiyotdan dars beradi, haligi qizcha esa, uning o‘quvchisi ekan.

Muallima biroz taraddudlanib, muddaoga o‘tdi:
— Shu-uu… O‘quvchim she’r yozadi. Haligacha biron gazetada nashr ettirmagan. Shunga kelgandik. Hozircha gazetada e’lon qilinsin, keyin kitobini chiqaramiz.
Ijod namunalari bilan tanishdim. She’r yozish qonun-qoidalarini suv qilib ichmagan bo‘lsam-da, qizning yozganlarida talaygina kamchilik bor edi. Boz ustiga, ma’no emas, qofiyaga zo‘r berilgan, vaznga e’tibor bermagani shundoqqina bilinib turardi. Ustoz ko‘rishi kerak, degan xulosaga keldim va gapimni misol bilan tushuntirishga kirishdim:
— Rivoyat qilishlaricha, bir qishloqda Rahmonqul ismli yigit bo‘lib, otasi vafot etgach, keksa onasi bilan qolibdi. Bisotida faqat sigiri bor edi, qirdan shuvoq terib, kun ko‘rardi.
Nima bo‘ldi-yu, Rahmonqul shoirlikni havas qilib, qog‘oz qoralabdi. Yozganlarini hamqishloqlariga o‘qib bersa, ular Rahmonqulga Hazrat Navoiy bilan uchrashishni va she’r yozishni o‘rga­nishni maslahat beribdi. Bu maslahat unga ma’qul tushib, Hirotga jo‘nabdi.
Yigit shoirni topib boribdi. Ali­sher Navoiy Rahmonqulning so‘zlarini diqqat bilan tinglab, uning oldiga qog‘oz va qalam qo‘yibdi-yu, she’r bitishini so‘rabdi. Rahmonqul ilhomi yo‘qligini aytibdi. Shunda Navoiy undan biron she’rni o‘qib berishni so‘rabdi. Yigit esa, shoirlar ijodi bilan qiziqmaganini aytibdi. Oxiri Navoiy undan hech bo‘lmasa ashula aytib berishni so‘rabdi. Rahmonqul tanburning u qulog‘ini, bu qulog‘ini bu­rab, tobiga keltirolmay halak bo‘lganini ko‘rgach, tanburni bir nafasda sozlab, qay­tarib beribdi. Shunda ham Rahmonqul qanchalik urinmasin, sozni chalolmabdi.
Yigitni diqqat bilan kuzatib turgan Ali­sher Navoiy unga shoir bo‘lish uchun kamida uch narsadan boxabar bo‘lish ke­rakligini aytgan ekan. Bular: ko‘p o‘qish, astoydil mehnat qilish hamda soz chalib, qo‘shiq aytish.
So‘zlarimni diqqat bilan tinglagan o‘quv­chi mum tishlaganicha qoldi. Ustozi esa, tinimsiz: “Gapingiz to‘ppa-to‘g‘ri, lekin hozir mana bu she’rlarni chiqa­rish ke­rak. Kelajakda jurnalist bo‘lmoqchi, shundog‘am ko‘p o‘qiydi, — derdi. “Shoira”ga ko‘proq o‘qish va mashq qilishini maslahat berib, xayrlashdim.
Tan olish kerak, bugun oramizda havaskor shoiru shoiralar talaygina. Tahririyatga mashqlarini ko‘tarib keladi-yu, kamchiligini ko‘rsatsangiz ranjib, eshik yopib ketadi. Qolaversa, ota-ona, o‘qituvchilar ham yoshlarning she’riyatga havasini benazir iqtidorga yo‘yib, ularni havolantirayotgani bor gap. Ijod deya atalmish muhtasham va mo‘tabar gulshanga ishtiyoq bilan qadam bosishni niyat qilgan yoshlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishga, avvalo, ustozlar mas’ul. Yo‘qsa, turli ta’na va tazyiqlar bilan matbuotda “she’riy satrlari”ni e’lon qildirgan havasmand yoshlar ertaga manman va takabbur, izzattalab “ijodkor” bo‘lib kamol topmasligiga kim kafolat beradi?
Shogirdini tahririyatma-tahririyat yetaklab yurgan o‘qituvchi uni ko‘proq kitob o‘qishga undasa, o‘quvchisi­ning mashqlarini tahlil etsa, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatsa, mana bu yangi iste’dodlarni kashf etishda hamda ertasi azim daryolarning buloqlari ko‘z ochishida jonbozlik, fidoyilik bo‘lar edi.
Achinarlisi, ayrim bo‘lajak shoirlar­ning she’rlarida “o‘g‘irlik” alomatlarini payqaymiz. Bu bizga mutlaqo yarashmaydigan ish! Ijod bo‘stoniga qadam qo‘ymoqni istaganlar faqat darsliklar bilan cheklanmasligi, ko‘proq badiiy ada­biyot durdonalaridan bahramand bo‘lishi lozim, nazarimizda.
Yana bir gap: ba’zi shoirlikka havasmandlar Navoiydek ulug‘ shoirning ijodi­ni kuzatmagan, afsuski, orasida u haqida bilmaydiganlar ham topiladi.
Ijodkor uka-singillarimdan bir narsani iltimos qilaman — shoir bo‘laman, deb o‘zingizni har ko‘yga solmang. O‘z ustingizda ko‘proq ishlang, ko‘proq o‘qing, hamisha izlaning. Yaratganning o‘zi yuqtirgan iqtidor bo‘lsa, albatta, yuzaga chiqadi.
Shular haqida o‘ylab turganimda, eshik qoqib yana bir yigit xonamga kirib keldi…

Otabek ISROILOV