Burchni ado etmoqning erta-kechi yo‘q

Inson ehtiyojlarini qondirish uchun tinimsiz mehnat qiladi. Tirikchilik payida har qanday og‘ir yumushni-da bajarishga tayyor odamlar bor. Yaqinda mahalladoshim bilan suhbatlashib qoldim. O‘zim tengi bu yigit ancha yildan buyon chet elga qatnaydi. Kollejni tugatgach, qo‘lida hunari yo‘qligi va ta­yinli ish topolmagani uchun xorijga chiqishga qaror qilgan ekan. Lekin musofirchilikda juda ko‘p azoblarni boshidan kechiribdi.
— Avvaliga rosa qiy­naldim. Atrofimda bironta ham yaqin insonim yo‘q, ustiga-ustak, chet tilini bilmasligim pand berdi. Nachora, chidadim. Yegan-ichganimning mazasi yo‘qdek tuyulardi. Uyda choyga, albatta, novvot qo‘shib ichardim. O‘zga yurtda novvot qayerda deysiz. Do‘konlardan axtarib topolmadim. Eh, milliy shirinliklari­mizga nima etsin. Ba’zan ishtaham bo‘g‘ilib, no­nushta ham qilmay chiqib ketardim.
O‘zbekistonga kelganda xaltaga novvot va qand-qurslardan to‘ldirib olib ketardim. Sal ko‘nglim tinchirdi-yu, ammo yana nimadir yetmagandek bo‘lib tuyulaverardi. Uzoq o‘ylanardim. Ha, menimcha, choy damlanadigan suvda gap bor. Qishlog‘imizdagi buloq suvi shunday shirinki, ichib rohatlanasiz!
Shu taxlit umrim o‘tib boraverardi. Pul jamg‘ardim, biroq halovatim yo‘q edi. Vatan sog‘inchi qalbimni o‘rtardi. Oxiri, O‘zbekistonga qaytishga, tug‘ilib-o‘sgan qishlog‘imda yashab, ilm, kasb-hunar egallab, jamiyatda o‘z o‘rnimni topishga qaror qildim. Kishi sabr qilsa, hamma niyatiga yetadi.
Uyga qaytgach, avvalo, Vatan oldi­dagi yigitlik burchimni ado etmoq­qa shaylandim. Mudofaa bo‘limiga murojaat qilib, o‘z ixtiyorim bilan harbiy xizmatga bormoqchi ekanimni aytdim. Barcha kerakli hujjatlarni rasmiylashtirdim. Endi mendan faqat aytilgan vaqtda, aytilgan joyga yetib borish, harbiy xizmat davomida boshqalarga namuna bo‘lish talab qilinadi. Armiyamiz safiga qo‘shilish men uchun sharaf!
Tengdoshimning bu gaplari qal­bimning tub-tubiga yetib bordi. Shukrki, bugun davlatimiz rahbari yuritayotgan oqilona siyosat tufayli chet elda yurgan ko‘plab vatandoshlarimiz ona yurtiga qaytmoqda. Ha, o‘z uying — o‘lan to‘shaging, deb bejiz aytilmagan. Siz nima deysiz, aziz zamondosh?

Suhbatdosh
Shohrux IBODULLAYEV