G‘urur

Tajriba almashish maqsadida yurtimizga kelgan xorijlik hamkasblarimni uyimizga olib keldim. Bir oyga yaqin ishlagan bo‘lsak-da, azaldan bir-birimizni taniydigandek jonajon do‘st bo‘lib qoldik.

Ular bir necha kun mehmon bo‘ldi. Shu orada bozorga bordik. Hunarmandlik buyumlari sotiladigan rastaga kirganimizda xorijlik hamkasbim naqshlari jimjimador qilib ishlangan lavhdan ko‘zini uzolmay qoldi. U shunga o‘xshash Sharqning tarixiy buyumlarini yig‘ib yurar edi. Buyumning narxini so‘radik. Yuzlaridan nur yog‘ilib turgan, qo‘llari mehnatda qadoq bo‘lgan nuroniy sotuvchi do‘stimning o‘z tilidagi so‘zlarini tinglab, oso­yishta tovushda jilmayib javob berdi. Mezbonman axir, yonimdan pul chiqarib, sanashga tushdim. Do‘stim bu holni ko‘rib, e’tiroz bildirar, nuroniy sotuv­chi esa jim, kulib turardi.
— O‘g‘lim, to‘xtang! Sizga aytadigan zarur gapim bor!
Padaridan qo‘rqa-pisa nazar tashlagan bola kabi otaxonning yuziga tikildim.
— Mehmonlarmi? — deb so‘radi otaxon.
— Ha, shunday.
U lavhni oldi-da, do‘stimga uzatdi.
— Oling! Yuz-ko‘zingizdan shunga mehringiz tushib turganini ko‘rib turibman! Hunarmand uchun bundan ortiq baxt yo‘q!
Shoshib qoldim. Do‘stim ham nima bo‘layotganini bilmay menga qarardi.
— Puli-chi? — dedim.
— Ot bilan tuya bo‘larmidi? — deya otaxon samimiy jilmaydi.
Xorijlik hamkasbim otaxon ikkimizning suhbatimizga quloq solib turar, biroq tushunmasdi. Keyin esa, unga vaziyatni aytdim. U esa, mamnun bosh irg‘agancha “Rahmat sizga!”, — dedi.
Otaxon uni tushungandek kulib turardi. Do‘stim shu dam qulog‘imga pichirladi:
— O‘zbekdek mehmondo’st xalqni yer yuzida uchratmadim!

Sherzod MAHMUDOV