Ilm nuri

Darsga qo‘ng‘iroq chalindi. Sinf rahbarimiz ona tili fanidan uyga vazifani tekshira boshladi. Navbat Jasurga keldi.

— Daftaring qani?
— Uyga vazifani bajargandim, lekin dafta­rimni unutib qoldiribman. Bugun ona tili fani borligi esimda yo‘q edi, ustoz.
Jasurning aldayotganini ko‘zi aytib turardi. Tabiatan qattiqqo‘l va talabchan Zilola opa bosiqlik bilan gap boshladi:
— Bilasanmi, uch narsani kechirish juda qiyin: yolg‘on, xiyonat va o‘g‘irlikni. Hozir sen illat tomon qadam qo‘yding. Birinchisi ikkinchisiga yo‘l ochadi. Inson illatlardan tiyilib yashashi lozim. Haqiqat egiladi, bukiladi, ammo sinmaydi, deyishadi-ku, axir. Yolg‘on kishini mas’uliyatsiz, beqadr qilib qo‘yadi. Hech qachon rost gapirishdan qo‘rqmaslik kerak. Endi ayt-chi, nega uyga vazifani bajarmading?
— Mavzuni tushunmadim. Shuning uchun topshiriqni bajara olmadim. Keyin nima deyishni bilmay sizni aldadim. Meni kechiring, ustoz, boshqa takrorlanmaydi. Ertaga hammasini tayyorlab kelishga va’da beraman.
Bu voqea barchaga saboq bo‘ldi. O‘quv­chilar kerakli xulosani chiqardi. Shu-shu Jasur yolg‘on gapirmaydigan va hammadan oldin vazifani bajaradigan bo‘ldi.
Mana, oradan o‘n yil o‘tdi. Universitetni tamomlab, katta hayotga qadam qo‘yyapmiz. Ustozimning nasihati kechagidek esimda. Har gal maktabimiz yonidan o‘tar ekanman, beixtiyor o‘sha voqea yodimga tushadi. Ustoz ota-ona kabi aziz va mo‘tabar. U ilm-ma’rifat, ma’naviyat targ‘ibotchisi, fidoyi inson.
— Katta bo‘lsang kim bo‘lmoqchisan? — deya ustoz savol bilan bizga yuzlanganda har birimiz turlicha javob berardik.
— Kim bo‘lsangiz ham yurtimizga ke­rakli inson bo‘linglar. Shunday inson bo‘lingki, bu mening o‘quvchim, deb faxr­lanib yuray, — derdi.
Haqiqatan ota-ona uchun farzandi baxtiga sherik bo‘lish, ustoz uchun esa shogirdi kamolini ko‘rishdek yuksak baxt bo‘lmasa kerak. O‘qish va yozishni bilmaydigan bolani savodli qilish oson emas. Har safar maktabga borsam ko‘zlari javdirab, jajji qo‘lchalari bilan ruchka tutgan bolajonlarga ilm ziyosini ulashish bilan mashg‘ul ustozlarimni ko‘raman. Ular xuddi ma’rifat bo‘stonidagi quyoshga o‘xshaydi. Doim biz uchun ilm nurlarini sochish bilan band.
Yaxshi gap bilan ilon inidan chiqar, deb bejiz aytilmagan. O‘qituvchi o‘zining ma’noli so‘zlari bilan har qanday o‘quvchining qalbiga yo‘l topib ilm o‘rgatishi lozim. Afsuski, bugun bolaga kaltak bilan bilim berayotgan o‘qituvchilar yo‘q emas. Balki bu ham kichik yoshdagi bolani tarbiyalashning bir yo‘lidir. Ota-bobolari­miz farzandini ustozga “Eti sizniki, suyagi biz­niki”, deya topshirgani rost. Nazdimda bugun bu usul biroz samarasizdek. Sababi ustozidan qo‘rqqanidan, majburan dars tayyorlagan yaxshimi yoki qiziqib, kimgadir havas qilib o‘qiganimi? Albatta, ikkinchi yo‘l ancha muvaffaqiyatlidir. Siz nima deysiz, aziz tengdoshim?

Ma’mura XO‘JAQULOVA