“Oddiy hol”

Kollejda o‘qib yurganimda Aziz ismli mehribon do‘stim bo‘lardi. O‘qishni tamomlab, institutga kira olmagach, o‘z biznesini boshladi. Keyinchalik uni Amerikaga ketganini eshitdim. Bir kuni o‘sha kursdoshim bilan internet orqali gaplashib qoldim.

Aytishicha, Amerikaning mashhur universitetida ta’lim olib, kechasi ishlayotgan ekan. Tabiiyki, kechasi qanday ish bilan shug‘ullanayotgani­ga qiziqdim. U javoban videoxabar yubordi. Aziz yuk mashinasini boshqarib ketyapti, ko‘cha qorong‘i, faqat mashina chirog‘i yorug‘ida yo‘lni ko‘rish mumkin. Bundan xursand bo‘ldim va shunday aqlli, ko‘ngli toza Aziz o‘z yo‘lini topib ketishi aniq edi, deb o‘yladim.
Bir o‘zi zerikadi shekilli, ishga chiqqanida tez-tez xabarlashadigan bo‘ldi. Suhbat davomida kollejda o‘qib yurgan chog‘imizni ko‘p eslardik. O‘shanda u yigitlar bilan tortishishni, birovning dilini og‘ritishni xohlamas, qizlarni esa, boshqa bolalar kabi xafa qilmasdi.
Aziz bilan suhbatlashish asnosida: “Mashina boshqarayotgan kishi telefon ishlatishi yaxshi emas”, — desam u: “Kechasi mashinalar ko‘p bo‘lmaydi, qolaversa, telefon qo‘limda emas-ku”, –– deb kulib qo‘yardi.
Shunday kunlarning birida Aziz birdan mashinaga tormoz berdi. Tashqaridan allaqanday tovush eshitildi. Aziz “Uff”, dedi-yu go‘shakni qo‘ydi. Birozdan so‘ng yana aloqaga chiqdi. Nima bo‘lganini so‘radim.
–– Odatiy hol, e’tibor berma!
–– Nimaning ovozi edi?!
–– Daydi bug‘uning.
–– Nima? Urib yubordingmi?
–– Ha, keyin chetga surib qo‘ydim, biram og‘ir! Mashinamni dabdala qildi, endi yana jarima to‘lashim kerak.
–– Nega unday qilding? Jonivor-ku!
–– Namuncha qo‘rqasan, bu Amerika ko‘chalarida oddiy hol! Odam emas-ku…
Yo‘q! Bu uch yil avvalgi Aziz emasdi. Ichimni bir narsa tilib yuborganday bo‘ldi. Mashina haydayotganida nega chalg‘ishiga yo‘l qo‘ydim, deb avvaliga o‘zimni aybladim. So‘ng Azizning oq ko‘ngliga zamon va makonning shunchalik salbiy ta’siri bo‘lganini o‘ylab, o‘yimga yetolmadim. So‘nggi so‘z­lari qulog‘imda jaranglayverardi: “Nega buncha qo‘rqasan, bu Ameri­ka ko‘chalarida oddiy hol! Odam emas-ku”.
O‘sha vaqtlar kollej binosida bezori yigitlar bir kuchukni har tomonga sudrab, qiynaganida hayvonlarga ozor berish yaxshi emasligini ularga tushuntirgan Aziz bugun bir jonzotning qotili bo‘lganini od­diy hol, deb baholashi, shunda ham o‘lgan jonivorni emas, o‘zi­ning jarima to‘lashi haqida o‘ylashi meni esankiratib qo‘ydi. O‘qishga kirolmasa-da, shu yerda yurganida odamiyligini yo‘qotmas edimi, deb o‘yladim.

Muqaddas MUSAYEVA