O‘g‘lonlar yodi

Vatanga xizmat qilish saodatdir. Vatan omon bo‘lsin! Bu kabi so‘zlar zamirida xalq osoyishtaligi, tinchligi uchun jonini fido qilishga shay sarhadimiz posbonlarining sha’niga har qancha maqtov so‘zlarini aytsak ham oz.

“Vatanparvar” gazetasida chop etilgan qissa hamda maqolalardan iborat “Vatan omon bo‘lsin!” nomli to‘plamni o‘qir ekansiz, ana shunday yuksak tuyg‘ularni his qilasiz. Unda yurt himoyasi yo‘lida mardlarcha halok bo‘lgan qahramonlar taqdiri aks etgan.
Ayniqsa, ijodkor Zulfiya Yunusova qalamiga mansub “Yovqurlar” voqeiy qissasi e’tirofga molik. Asarda 2000-yil Sariosiyo va Uzun tumanlarida terrorchilar bilan bo‘lgan jangovar harakatlarda harbiy­larimizning ko‘rsatgan jasorati, qahramonliklari qalamga olinib, Vatan osoyishtaligini saqlash yo‘lida halok bo‘lgan harbiy yigitlarning ichki kechinmalari, jasoratlari haqida so‘z yuritiladi. Biri endigina uylangan, yana biri oila qurish arafasida, yigitlik burchi deya jangga otlangan navqironlar… Ammo ularning ko‘zida na qo‘rquv, na xavotir mavjud. O‘limi yaqinligi, ajal bilan yuz­lashayotganini bilsa-da, sarosimaga tushmaydi. Xayolan ota-onasi, yaqinlari, sevgani bilan vidolashadi. Shu tahlikali vaziyatda ham jondan yaqin azizlarining ertangi kunini o‘ylab, dushmanni mahv qilish kerakligini tushunadi. Yarador, qimirlashga madori yo‘q holida ham safdosh do‘stini qutqarish uchun jon kuydiradi.
Muallif asarni vaqt xronologiyasiga qarab qurmagan. Shunchaki, jangda halok bo‘lgan qahramonlarning yaqinlari holatini keyingi bobda ko‘rsatadi. Farzandidan ayrilgan onalar, baxtli kunlari uzoq­qa cho‘zilmagan kelinlarning qayg‘usi bir dunyo. Ammo ular ham sabr-bardosh, matonatda shahid ketgan o‘g‘li yoki yoridan qolishmaydi. Dushmanlar bilan jangda halok bo‘lgan Boburjonning onasi Munavvara aya shunday deydi:
— Sizlardan o‘tinchim, ichimda olov yonayotgan bo‘lsa ham ona bo‘libki, sabr qilyapmanmi, sizlar ham shu yo‘lni tutasizlar. Bilaman, jigar ayrilig‘idan Bahodirjon necha kunlardan buyon uxlagani yo‘q. Alpomishdek ukasini temir tobutda olib kelishning o‘zi bo‘lmaydi. Shu sabab, u kelganda birortalaring unga yopishib, faryod qilmanglar. Uning dardi o‘ziga yetarli. Boburjonimning ruhi ham azob tortmasin.
G‘am seli cho‘ktirsa-da, biroq sobit turgan o‘zbek onasining bardoshiga tahsin o‘qiysiz. Asarni o‘qir ekansiz, u real voqealarga asoslangani, undagi obraz, personajlar yurt tinchligi yo‘lida jonini fido qilgan mard o‘g‘lonlari ekanini anglaysiz. Surxonliklar­ning harbiy qismga borib, halok bo‘layotgan harbiylar qismatidan achinib, dushmanni taslim etishda o‘z hissasini qo‘shishga urinishi kitobxonda yurtga daxl­dorlik tuyg‘ularini uyg‘otadi. Shahid ketgan Sayyor, Elomon, Yunusjon, Bobur, Ulug‘bek va boshqa yigitlarning jasoratini ko‘rib, yuragingiz o‘rtanadi, ulardagi vatanparvarlik hislari sizga inadi.
Muxtasar aytganda, “Yovqurlar” qissasi sizga asrimiz avvalida surxon vohasida ro‘y bergan, o‘ndan ortiq jasur o‘g‘lonlari­mizning hayotiga zomin bo‘lgan to‘fonli jang fojialarini yodga soladi.
To‘plamdagi asarlarni o‘qigan sari har ne bo‘lganda ham Vatanni asrash nafaqat harbiy­lar, balki siz va bizning ham vazifamiz ekanini teran anglaysiz! Zero, Vatan kindik qoning to‘kilgan zamin!

Durdona SHAROFIDDINOVA