Psixolog maslahati

— Odamlar bilan tezda muloqotga kirisholmayman. Hatto qaysi mavzuda gaplashishni bilmayman. Bundan qiynalaman. Xarakterimni o‘zgartirmoqchiman. Maslahatingiz kerak.

Baxtiyor SHUKUROV
Denov tumani

Savolga Shahnoza XALILOVA javob beradi:

— Odamlar bilan kelisholmayman, degan fikr miyangizga muqim o‘rnashib qolganga o‘xshaydi. Bunga o‘ziga yarasha sabablar bordir, ehtimol. Balki suhbat jarayonida kimningdir ko‘nglini ranjitgansiz va mazkur vaziyat takrorlanishidan qo‘rqyapsiz. Nima bo‘lganda ham, hozirgi holatingizning asl sababini bilish kerak.
Ichki qo‘rquv va xavotirdan qutulmas ekansiz, vaziyat o‘zgarmaydi. Aksincha, odamovi bo‘lib boraverasiz. Atrofdagilar bilan muloqot qilishni xohlaysizmi, demak, shunga intilmoq zarur. Fikrim yoqarmikan, birovni ranjitib qo‘ymasmikanman, degan xayol bilan suhbatga kirishmang. Suhbatdosh bilan o‘zingizni samimiy tuting.
Agar gapirishdan cho‘chisangiz, hech bo‘lmaganda, tinglashni o‘rganing. Chunki faqat o‘zi tinmay gapiradigan emas, balki boshqalarni eshitadigan inson ham yaxshi suhbatdosh bo‘la oladi.