Sehrli non

Bashang kiyingan odam sadaqa so‘rab tursa xunuk ko‘rinar ekan. O‘sha kuni qo‘sha-qo‘sha uy, mashina, zavodlari bor Botir aka bozor o‘rtasida: “Xudo yo‘liga sadaqa qiling!” — deb turganini ko‘rib uni aqldan ozgan bo‘lsa kerak deb o‘yladim. Keyin xayolimdan: “Nahotki sadaqa evaziga shuncha boylik orttirgan bo‘lsa?!” degan o‘y o‘tdi. Yo‘g‘-e, unchalik emasdir. Axir, Botir aka yoshligidan mehnatkash. Hammasiga o‘z kuchi bilan erishgan.

Ko‘nglimda shubhalar ildiz otaveradi. Qiziqishim ortib, Botir akaga yaqinlashdim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, u odamlar uzatgan pulni olmayapti. Odamlar orasida urinib-surinib Botir akaga yanada yaqin bordim. Cho‘ntagimga qo‘l suqdim. “Biron so‘m uzatsammi”, deb o‘yladim-u, darhol fikrimdan qaytdim. Nega u pulni olmayapti? Tag‘in bir savobtalab kishi pul bilan yaqinlashdi. Botir aka pulni olib: “Iltimos, shu pulga non olib kelib bering”, — deya qaytib uzatdi. Nega endi aynan non? Bu jumboq­ning tagiga yetish uchun ikkita non olib, Botir aka tomon shoshildim.
Qaytib kelgunimcha hamqishlog‘im boya­gi joyda yo‘q edi. Qo‘limdagi non bilan uni izlay boshladim. Lekin bozorni ikki marta aylanib ham topa olmadim. Uyga qay­taman deb mashinalar to‘xtash joyiga yaqinlashganimda, Botir akani ko‘rib qoldim. Hamqishlog‘im mashinasidan tushib meni chaqirdi. Yo‘limiz bir bo‘lgani bois, olib ketmoqchi ekan. Ulovga o‘tirdim-u, dilimdagi gapni ayta olmadim. Qo‘ltig‘imda esa, bir juft non. Nima qilishni bilmay, gapni uzoqdan boshladim:
— Bu deyman, bozor-o‘charga kelganmidingiz?
— E yo‘q, — deya Botir og‘ir bosh chayqadi. — Nimasini aytay, otamning tobi yo‘q. Shifokorlar bizning kasalimiz emas, deb qaytarib yubordi. Ayollarni bilasiz, folsiz ishi bitmaydi. Xullas, otam uchun uch kun sadaqa so‘rashim, odamlar bergan nonlarni otam ovqat o‘rnida yeyishi kerak ekan. Bugun ikkinchi kun. Bozorda sadaqaga yig‘ilgan nonlarni olib qaytyapman.
Botir aka ko‘ziga yosh oldi. To‘qson yoshga yaqinlashgan Amir brigadir kasal ekanini eshitgandim. Lekin yoshi bir joyga borib qolgan otasining sog‘lig‘i uchun har qanday yumushga shay o‘g‘ilning borligi… Ko‘nglim bo‘shab, ko‘zim namlandi. Qo‘ynimdagi nonni olib uzatdim.
— Mana shuni niyat qilib olgandim, — dedim. — Amir buvani ko‘rgani alohida o‘taman.
Uyimiz yaqinida mashinadan tushib qoldim. Oradan ko‘p o‘tmay, Amir buva ko‘chada paydo bo‘ldi. Ancha baquvvat bo‘lib qolibdi. O‘zimcha: “Folchining aytganlari-ku bir gapdir, ammo farzandlar mehri shu insonni oyoqqa turg‘izgan”, — deb fikr qildim.
Bir kuni Botir aka qo‘limga dasta pul tutqazdi.
— Uka, mana shuni ol, — dedi. — O‘sha kuni otam sen bergan nonlarni yeb “Hammasi birdek non bo‘lsa-da, shuning mazasi boshqacha ekan. Novvoyni rozi qilish ke­rak”, — dedilar. Istasang o‘zingga ol, istasang novvoyni topib, rozi qil.
Men esa, bozor kezib o‘sha novvoyni topa olmadim. Novvoylar rastasida biron kishi u odamni eslay olmadi. Bozor o‘rtasida qotib qoldim: “Nahotki men bu dunyoga tegishli bo‘lmagan insondan non sotib olgan bo‘lsam?!”.